1-apreldan naqdsiz to‘lovlarga o‘tilgani Toshkentda ijara narxlarining keskin oshishiga ta’sir qilmadi. Bu haqda hukumat huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tahlilida keltirilgan.

Aprel oyida poytaxtdagi uy-joylarning median ijara narxi $550 darajasida saqlanib qolgan. Bu ko‘rsatkich mart oyiga nisbatan ham, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ham o‘zgarmagan.

Ijara e’lonlari sonida ham keskin o‘zgarish kuzatilmadi: yanvar-mart oylarida onlayn platformaga o‘rtacha 22,6 ming e’lon joylashtirilgan bo‘lsa, bu aprel oyida 22,8 mingtani tashkil etgan.

Xonalar kesimida turli ko‘rsatkichlar qayd etildi: bir va ikki xonali uylar ijarasi mos ravishda 14,3% ($400) va 10% ($550) ga oshgan bo‘lsa, uch xonali — 12,5% ($700), to‘rt va undan ortiq xonali uylar esa 26,1% ($850) ga arzonlashgan.

Asosan bir va ikki xonali uylar hamda nisbatan arzonroq segmentlarga talab ortib bormoqda. Hududlar kesimida eng arzon ijara Bektemir ($390), Sergeli va Uchtepa (har biri $400 dan) tumanlariga to‘g‘ri kelgan. Eng qimmat ijara esa Mirobod ($800), Shayxontohur ($750) va Yakkasaroy ($700) tumanlarida qayd etilgan.

Shuningdek, narxlarning ijobiy dinamikasi Olmazor (+12,5%) va Mirzo Ulug‘bek (+9,1%) tumanlarida kuzatildi. Premium hududlarda ijara narxlari yumshamoqda — Shayxontohurda 25% ga, Mirobodda 11,1% ga hamda Yakkasaroyda 6,7% ga pasaygan.

MHTI naqdsiz to‘lovlar hozircha ijara narxlari sakrashiga olib kelmaganini va ijara bozorida spekulyativ qayta baholashdan qochish lozimligini qayd etdi. Yakuniy ta’sirni baholash uchun esa yilning keyingi choraklaridagi tendensiyalarni kuzatish kerak.

2026-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va chiqqaniga 10 yildan oshmagan avtomobillar oldi-sotdi jarayonida hisob-kitoblarning yangi tartibi joriy etildi. Spot eskrou bitimlari qanday amalga oshirilishini bosqichma-bosqich tushuntirgan edi.

Avvalroq Toshkentda uy-joylar maoshga nisbatan qanchalik arzonlashgani haqida xabar berilgandi.