Hukumat qarori bilan fuqarolarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi tasdiqlandi. Hujjat Lex.uz portalida eʼlon qilindi.

Qarorga ko‘ra, ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish bo‘linmalari ushbu yo‘nalishdagi vakolatli organ hisoblanadi.

Fuqaroni yashash yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish mulkdor va fuqaro ishtirokida amalga oshiriladi. Ularning roziligi Face-ID yoki Mobile-ID tizimi orqali tasdiqlanadi.

Fuqarolar yangi yashash joyiga kelgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Turar joy mulkdori esa vakolatli organni bu haqda xabardor qilishi shart.

Ro‘yxatdan o‘tish uchun vakolatli organlar, davlat xizmatlari markazlari, Aqlli migratsiya shoxobchalari orqali shaxsan yoki Yagona portal hamda E-xabar berish tizimi orqali onlayn murojaat qilish mumkin.

Qarorga ko‘ra, bir nechta uy yoki kvartiraga ega mulkdor faqat bittasida yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

18 yoshga to‘lmagan fuqaro ota-onasi, ulardan biri yoki vasiysi ro‘yxatdan o‘tgan manzilda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bunda turar joy mulkdorining roziligi talab qilinmaydi.

Shuningdek, tug‘ilgan bola FHDYO organlari tomonidan tug‘ilganlik haqidagi yozuv rasmiylashtirilayotganda ota-onasining manzili bo‘yicha avtomatik ravishda ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bu jarayonda ham uy egasining roziligi so‘ralmaydi.

Talabalar yotoqxonaga joylashishda ta‘lim muassasasi bilan shartnoma rasmiylashtirish jarayonida Yagona portal orqali turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Hujjat bilan fuqarolarning erkin harakatlanish va yashash joyini tanlash huquqi ayrim hududlarda cheklanishi mumkinligi ham belgilandi. Bu tartib chegara zonalari, yopiq harbiy shaharchalar, yopiq maʼmuriy-hududiy tuzilmalar hamda favqulodda holat yoki safarbarlik eʼlon qilingan hududlarga tatbiq etiladi.

Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar esa E-xabar berish tizimi orqali Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi muassasalarga joylashtirilishi va 6 oygacha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin.

Davolash muassasalari va joylashtirish vositalariga joylashgan fuqarolar E-mehmon tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, yashash va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish notarial tasdiqlangan rozilik arizasi yoki ishonchnoma asosida ham amalga oshirilishi mumkin.

Spot, avvalroq, yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tganlarga oid noto‘g‘ri maʼlumotlarni tuzatish tartibi tasdiqlangani haqida yozgandi.