Ilon Maskning Neuralink kompaniyasi kelgusi oylarda ko‘rish qobiliyatini tiklash imkonini beruvchi implantni sinab ko‘rishni boshlashi kutilmoqda. Bu haqda Mask Y Combinator nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Keyingi 6−12 oy ichida biz ko‘rish qobiliyatini tiklash uchun ilk implantatsiyalarni amalga oshiramiz. Hatto inson butunlay ko‘r bo‘lib qolgan taqdirda ham, biz tasvirni bevosita ko‘rish po‘stlog‘iga uzata olamiz”, deya ta’kidladi u
Maskning aytishicha, ushbu texnologiya allaqachon uch yildan beri implant bilan yashaydigan maymunda sinovdan o‘tkazilgan. Dastlabki bosqichlarda tasvir past aniqlikda bo‘ladi, biroq vaqt o‘tishi bilan uning sifati yaxshilanadi.
Qayd etilishicha, kelajakda implant ultrabinafsha, infraqizil nurlarni va hatto “radar singari” ko‘rish imkoniyatini beradi.
“Hatto inson butunlay ko‘r bo‘lsa ham, biz tasvirni bevosita ko‘rish po‘stlog‘iga „yozib olishimiz'“ mumkin”, deb ta’kidladi Mask. Implant Blindsight deb nomlandi. “Bu haqiqiy g‘ayritabiiy qobiliyat,” deya qo‘shimcha qildi u.
https://twitter.com/elonmusk/status/1836120537883644049
Blindsight — “Telepatiyadan keyingi Neuralink mahsuloti”. 2024-yil martida Mask implant “allaqachon maymunlarda ishlab turibdi” deb ma’lum qildi. Sentabrda Neuralink Blindsight implantini sinash uchun ko‘ngillilarni izlay boshladi.
Kompaniya bunday texnologiyalar bilan shug‘ullanayotgan yagona tashkilot emas. Ko‘rish qobiliyati buzilgan odamlar uchun implant ustida, jumladan, Neuraling hammuassisi va sobiq rahbari Maks Xodak tomonidan tashkil etilgan Science Corp ham ishlamoqda. 2022-yilda u Science Eye implantini namoyish etgan edi.
2016-yilda asos solingan Neuralink miyani kompyuter bilan bevosita bog‘lash uchun interfeyslar ishlab chiqarmoqda. Kompaniya 2024-yil boshida insonda o‘tkazilgan ilk operatsiya haqida ma’lumot berdi.
Ikkinchi bemorning jarrohlik amaliyoti haqida Ilon Mask 2024-yil avgustda xabar qildi. Uchinchi bemorga implant o‘rnatilgani 2025-yil yanvarda ma’lum bo‘ldi.