Mo‘g‘uliston Davlat saroyida Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Qo‘shma korxonalar soni ko‘paymoqda, sog‘liqni saqlash, ta’lim, elektron savdo, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida ilk kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish boshlandi.

Muzokaralarda iqtisodiy kooperatsiyani chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Yaqin yillarda o‘zaro savdoni, eng avvalo, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini oshirish hisobiga karrasiga ko‘paytirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Buning uchun esa imtiyozli savdo va investitsiyalarni himoya qilish to‘g‘risidagi bitimlarni qabul qilishni tezlashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari iqtisodiyotning muayyan tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish muhimligini qayd etdi.

Hamkorlikning qator istiqbolli yo‘nalishlari ustuvor etib belgilab olindi. Bu tog‘-kon sohasidagi sheriklik, jumladan, geologiya-qidiruv dasturini ishlab chiqish, xomashyo resurslari konlarini o‘zlashtirish, texnologiyalar transferi, tajriba almashish va kadrlar tayyorlash sohalaridir.

Sohadagi loyihalarni ilgari surish maqsadida Ulan-Bator shahrida O‘zbekiston geologiya vazirligining vakolatxonasi ochilgani qayd etildi. Qo‘shma klasterlar tashkil etish, go‘sht-sut, jun va charm mahsulotlarini qayta ishlash va ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiya loyihalarini ilgari surish asosida qishloq xo‘jaligida kompleks hamkorlikni chuqurlashtirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va yangi logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yil yakunigacha poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar uchun xalqaro tahlil instituti bilan birgalikda eng qisqa va samarali transport yo‘laklarini aniqlash bo‘yicha amaliy tadqiqotlar o‘tkazish taklifi bildirildi.

Faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi. Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ajratilayotgan kvotalar doirasida mo‘g‘ul yoshlarining O‘zbekistondagi OTMlarda ta’lim olishini qayta tiklashga kelishib olindi.

Erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishildi. Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Uxnaagiyn Xurelsux Keng qamrovli sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildilar.

Shuningdek, prezidentlar huzurida quyidagi hujjatlar imzolandi:

  • o‘simliklar karantini va himoyasi, oliy ta’lim, tog‘-kon sanoati, atrof-muhitni muhofaza qilish, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish, sog‘liqni saqlash va tibbiyot fani, jismoniy tarbiya va sport sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar;
  • ikki mamlakat arxiv idoralari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan Mo‘g‘uliston Iqtisodiyot va taraqqiyot vazirligi o‘rtasida, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026−2027 yillarga mo‘ljallangan, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi bilan Mo‘g‘uliston Madaniyat, sport, turizm va yoshlar vazirligi o‘rtasida 2025−2028 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturlari;
  • O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Mo‘g‘uliston Oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vazirligi o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha hamkorlik rejasi;
  • O‘zbekiston Ekologiya vazirligi bilan Mo‘g‘uliston Madaniyat, sport, turizm va yoshlar vazirligi o‘rtasida ekoturizm sohasidagi harakatlar rejasi.

Avvalroq Ulan-Batorda O‘zbekistonning savdo uyi ochilgani haqida xabar berilgandi. Mo‘g‘uliston bilan jun, aralash matolar, to‘qimachilik va charm mahsulotlarini O‘zbekistonda ishlab chiqarishga kelishildi.