25-iyun kuni Oliy Majlis Senatining sakkizinchi yalpi majlisida ayrim tovarlarga nisbatan import bojini ikki karra oshirib qo‘llashni bekor qilishga qaratilgan qonun loyihasi senatorlar tomonidan ma’qullandi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Unda qonunchilikni xalqaro normalarga, shu jumladan Jahon savdo tashkilot bitimlariga uyg‘unlashtirish orqali tashqi savdoni liberallashtirish zarurligi qayd etildi. Qonun loyihasi bilan Bojxona kodeksiga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritish belgilanmoqda.

Xususan, eng ko‘p qulaylik berish rejimiga ega bo‘lmagan davlatlardan keltirilayotgan tovarlar uchun import bojini ikki baravar oshirib qo‘llash amaliyoti bekor qilinadi. Bunda ushbu tartib tovarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikat mavjud bo‘lmaganda amal qiladi.

Bojxona organi tomonidan harakatlar yoki tartib-taomillar bajarilgandan so‘ng budjetga o‘tkazilishi belgilangan bojxona to‘lovlarining muddati 5 ish kunidan 3 ish kuniga qisqartirilmoqda.

Qayd etilishicha, mamlakat importining 32,3%i erkin savdo rejimi o‘rnatilgan mamlakatlar, 61,4%i eng ko‘p qulaylik berish rejimi qo‘llanilayotgan davlatlar, 6,3%i esa savdo rejimi belgilanmagan davlatlar yoki ishlab chiqargan mamlakati aniqlanmagan tovarlar hisobiga to‘g‘ri keladi. 95%i import tovarlari JStga a’zo davlatlardan olib kelinadi.

Avvalroq mebel ishlab chiqarish uchun O‘zbekistonga olib kelinadigan ayrim xomashyo mahsulotlariga bojlar pasaytirilishi haqida xabar berilgandi.