Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston hukumatiga amaldagi pensiya tizimini isloh qilishni tavsiya qildi. Bu haqda xalqaro moliya tashkiloti press-relizida aytiladi.
Bu o‘rta muddatli istiqbolda uning barqarorligini ta’minlashga yordam beradi, shu bilan birga pensiyalarning yetarli miqdorini ta’minlaydi.
Pensiyaga chiqishning eng kam yoshini bosqichma-bosqich oshirish taklifi ilgari surildi, u hozirda erkaklar uchun 60 yoshni (kamida 25 yillik ish staji bilan), ayollar uchun — 55 yoshni (kamida 20 yillik ish staji bilan) tashkil etadi.
Boshqa takliflar orasida pensiya badallarining standart stavkasini asta-sekin oshirish, ma’lum turdagi tashkilotlar uchun pasaytirilgan (imtiyozli) badal stavkalaridan bosqichma-bosqich voz kechish bor.
Shuningdek, pensiya miqdorini butun mehnat faoliyati davomidagi o‘rtacha ish haqi asosida hisoblash hamda pensiyalarni narxlarning o‘sish darajasiga (inflyatsiyaga) muvofiq avtomatik tarzda indeksatsiya qilish mavjud.
Ta’kidlanishicha, keksalikda qashshoqlikni kamaytirishga qaratilgan har qanday ijtimoiy nafaqalar mablag‘larning mavjudligini tekshirish, budjetdan moliyalashtirish va boshqa ijtimoiy to‘lovlar bilan muvofiqlashtirish orqali takrorlanishning oldini olish kerak.
XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati 2025-yilda pensiya islohoti loyihasini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Pensiya islohoti konsepsiyasini sentyabr oyigacha prezidentga taqdim etish ko‘zda tutilgan.
Pensiya islohoti
2024-yil sentyabrda Vazirlar Mahkamasi davlat pensiya ta’minotini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqadigan ishchi guruh tarkibini tasdiqladi. Ishchi guruhga amaldagi pensiya tizimidagi mavjud muammolarni o‘rganish vazifasi yuklandi.
Pensiya islohotlari konsepsiyasi loyihasini 2025-yil 1-martgacha Prezident Administratsiyasiga kiritish topshirildi. Ishchi guruhga Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov rahbarlik qiladi.
Aprel oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning soliq-byudjet siyosatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Budjet xarajatlari samaradorligini oshirish uchun pensiya islohotini o‘tkazish taklif etildi.
Oxirgi 10 yilda Pensiya jamg‘armasi daromadlari 3,4 barobar, xarajatlari esa 5 barobar oshgan. 2020-yildan boshlab pensiya to‘lovlarini moliyalashtirish uchun doimiy ravishda davlat budjetidan transfert ajratiladi. 2022-yilda transfert miqdori 11 trln so‘mni tashkil etib, umumiy xarajatlarning chorak qismini tashkil etdi. 2023-yil uchun 15 trln so‘m (29%) ajratish rejalashtirilgandi. 2030-yilda transfert hajmi 38 trln so‘mni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.
Xalqaro maslahatchilar kengashi O‘zbekistonda pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish va buning uchun 6 ta yo‘nalishdagi 5 ta qonunni qabul qilishni taklif qilgandi. Bular qatorida “sug‘urta staji"ni joriy etish, pensiya bo‘yicha xizmatlarni to‘liq raqamlashtirish hamda xususiy pensiya jamg‘armalarini tashkil etish bor.
Undan keyin Strategik islohotlar agentligi ijtimoiy tarmoqlarda pensiya tizimini xususiylashtirish rejalashtirilayotgani haqidagi xabarlarni rad etib, pensiya tizimiga xususiy sektorni jalb qilish taklifi davlat ishtirokidagi pensiya fondini bekor qilishni nazarda tutmasligini ma’lum qildi.
Avvalroq senatorlar pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga pensiyani ularning alohida murojaatisiz proaktiv shaklda tayinlash tartibini belgilovchi qonunni ma’qullagani haqida xabar berilgandi.
May oyida XVJning respublikadagi doimiy vakili Koba Gvenetadze O‘zbekistonda pensiya islohoti zarurligini ta’kidladi. U hozirgi pensiyaga chiqish yoshi (erkaklar uchun 60 yosh, ayollar uchun 55 yosh) jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan past ekanligini qo‘shimcha qildi.
Prezident O‘zbekistonda yoshga doir pensiyalarni proaktiv tarzda tayinlash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu fuqarolar pensiya yoshiga yetgan kuni avtomatik ravishda amalga oshiriladi.
1 iyuldan boshlab pensiyalar, nafaqalar, shuningdek, bolalar nafaqalari va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam o‘rtacha 10%ga oshiriladi. Xususan:
- yoshga doir eng kam pensiya miqdori 918 ming so‘mni;
- nogironlik bo‘yicha eng kam pensiya miqdori 1 mln 12 ming so‘mni;
- kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordam 420 ming so‘mni tashkil etadi.
Avvalroq Spot Jahon banki O‘zbekistonga kichik GESlar qurish uchun $150 mln miqdorida kredit ajratishi haqida yozgandi.