Avvalroq Spot XVJ O‘zbekistonga progressiv soliq shkalasiga o‘tishni tavsiya qilgani haqida yozgan edi. Boshqa takliflar orasida investitsiya imtiyozlarini qisqartirish, soliq imtiyozlarini qayta ko‘rib chiqish va samarasiz imtiyozlarni bekor qilish bor.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi soliq ma’muriyati tizimini isloh qilishni ham tavsiya etdi. Xususan, soliq bazasini kengaytirish maqsadida audit dasturini yangilash, yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha mintaqalararo soliq inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish va soliq ma’muriyatini baholashning tashxis vositasi (TADAT) yordamida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish taklif qilinmoqda.

Asosiy kamchiliklar orasida tashkilot quyidagilarni ajratib ko‘rsatadi:

  • tavakkalchiliklarni baholash va soliq deklaratsiyalarini tekshirish uchun moliyaviy ma’lumotlardan yetarli darajada foydalana olmaslik;
  • soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etmaslik tavakkalchiliklarini baholash uchun soliq uzilishi tahlilining mavjud emasligi;
  • xodimlarning halolligini ta’minlash tartib-taomillaridagi bo‘shliqlar;
  • aholining Soliq qo‘mitasiga ishonchini baholash uchun jamoatchilik fikri so‘rovlari o‘tkazilmaganligi.

Ko‘rsatilgan muammolarni har tomonlama hal etish maqsadida XVJ Soliq qo‘mitasini isloh qilishning 2025−2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tezkor ravishda tasdiqlashni tavsiya etmoqda.

Bundan tashqari, xalqaro moliya tashkiloti yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash strategiyasini olqishladi, unda naqd pulsiz to‘lovlarni soddalashtirish yashirin iqtisodiyotni qisqartirish vositasi sifatida ko‘rib chiqiladi.

2024-yil sentabr oyida Soliq qo‘mitasi huzurida Xalqaro valyuta jamg‘armasining yangi maslahatchisi o‘z faoliyatini boshladi. U XVJ mutaxassisi Georgiy Kandelaki bo‘lib, soliq siyosati va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchi sifatida ish olib boradi.


Avvalroq Spot XVJ O‘zbekistonga minimal pensiya yoshini oshirishni tavsiya qilgani haqida yozgandi.