AQSh Vakillar palatasining barcha xodimlariga yuborilgan xizmat xatiga ko‘ra, WhatsApp xabar almashish xizmati palataning barcha qurilmalarida taqiqlandi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.
“Kiberxavfsizlik boshqarmasi WhatsApp ilovasini foydalanuvchi ma’lumotlarini qanday himoya qilishi borasidagi shaffoflik yetishmasligi, saqlanayotgan ma’lumotlarning shifrlanmaganligi va undan foydalanish bilan bog‘liq xavfsizlik tavakkalchiliklari tufayli foydalanuvchilar uchun yuqori xatarli dastur deb baholadi”, — deyiladi xabarnomada.
Shuningdek, bosh ma’muriy xodimning eslatmasida Microsoft Teams, Amazon’ning Wickr ilovasi, Signal hamda Apple’ning iMessage va FaceTime kabi muqobil ilovalardan foydalanish tavsiya etilgan.
Meta kompaniyasi vakili ushbu qadamga “eng qat’iy tarzda” noroziligini bildirdi va platforma boshqa tasdiqlangan ilovalarga qaraganda yuqoriroq xavfsizlik darajasini ta’minlashini ta’kidladi.
Bu birinchi qadam emas: avvalroq Kongress TikTok va Xitoyning ByteDance kompaniyasiga aloqador boshqa ilovalarni taqiqlagan edi.
Shuningdek, ba’zi sun’iy intellekt vositalari, jumladan, Microsoft kompaniyasining Copilot va Xitoyning DeepSeek mahsulotlari, shuningdek, ChatGPT’ning bepul versiyasi ham cheklovlar ostida qoldi.
Avvalroq WhatsApp’da kanallarga pulli obuna bo‘lish funksiyasi qo‘shilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, messenjerda reklama e’lonlari paydo bo‘lishi haqida ma’lum qilindi.
Avvalroq Spot Malayziyada Telegram faoliyati vaqtincha taqiqlangani haqida yozgandi.
Bunga messenjerdagi ikkita kanalning mahalliy qonunni buzgani hamda davlatga ishonchni susaytiruvchi ma’lumotlarni tarqatgani sabab qilib ko‘rsatilgan.