Shvetsiya O‘zbekistondan mehnat muhojirlarini tashkiliy jalb qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik rahbari Behzod Musayev va Shvetsiya Migratsiya vaziri Johan Forssell o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda noqonuniy migratsiyaning oldini olish, inson huquqlarini himoyalovchi, qulay, shaffof tashkillashtirilgan migratsiya mexanizmlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Johan Forssell Shvetsiyadagi demografik jarayonlar tufayli transport, qurilish, sanoat, tibbiyot, ta’lim va xizmat ko‘rsatish sohalarida kadrlar yetishmovchiligi kuzatilayotganini qayd etdi. O‘zbekiston mamlakat mehnat bozoriga malakali mutaxassislarni tayyorlash va olib kirish uchun yetarli salohiyatga egaligi ta’kidlandi.
Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida markazlashtirilgan raqamli platforma yaratish tashabbusini ilgari surdi. Shu bilan birga, qurilish, logistika va tibbiy xizmatlar yo‘nalishlariga ish beruvchilar talabi asosida o‘zbekistonlik yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va Shvetsiyada bandligini ta’minlashga qaratilgan pilot loyihalarini boshlash taklif qilindi.
Uchrashuv doirasida migratsiya va mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik haqida qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Migratsiya agentligi hamkorlik doirasida noqonuniy migratsiyaga chek qo‘yish, axborot almashish va konsullik qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini mustahkamlashishini qayd etdi.
Shvetsiya Migratsiya vaziri bu hujjatni “tarixiy” deb baholab, O‘zbekiston-Shvetsiya munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishi hamda hamkorlik uchun muhim qadam bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi xorijga ish va o‘qishga ketayotgan fuqarolarni firibgar konsalting firmalardan ogohlantirgani haqida xabar berilgandi.