Senat “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasini qayta ko‘rib chiqish va maromiga yetkazish uchun yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Oliy Majlis yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
25-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda ko‘rib chiqilgan qonun o‘zbekistonliklarning xorijga vaqtinchalik ishlash uchun chiqishiga taalluqli. Shuningdek, u chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekistonda ishlashga jalb qilishni tartibga soladi.
Muhokama chog‘ida senatorlar hujjatdagi bir qator jihatlarni qayta ko‘rib chiqishni tavsiya etdilar. Misol uchun, agar mehnat migrantlari o‘z majburiyatlarini bajarmasa, Migratsiya agentligi tomonidan ularni xorijga jo‘natgan tashkilot hisobidan xarajatlarni qoplagan holda qaytarish mexanizmini mustahkamlash taklif etilmoqda.
Shuningdek, yuboruvchi tashkilotlarga Migratsiya agentligi vakolatxonalari bilan birgalikda xorijiy ish beruvchilar tomonidan mehnat sharoitlariga rioya etilishini o‘rganish huquqini berish muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, xorijliklarga O‘zbekistonda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar berish, ularni to‘xtatib turish va bekor qilish tartibini qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi. Hujjat uchun olinadigan to‘lov miqdorini aniqlashning aniq mexanizmlarini belgilash talab etiladi.
17-iyun kuni Qonunchilik palatasi qonun hujjatlariga mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq o‘zgartirishlar loyihasini asosiy o‘qishda qabul qildi. Ularga xususiy bandlik agentliklari uchun zaxira jamg‘armasi hajmini kamaytirish, shuningdek, xorijda ishga joylashish bo‘yicha xizmatlar uchun talabgorlardan haq undirishga ruxsat berish taklif qilinmoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Shvetsiya mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuv imzolagani haqida yozgandi.
Deklaratsiya noqonuniy migratsiyaga chek qo‘yish, axborot almashish va konsullik qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yaxshilashga qaratilgan.