Rossiyada chet el fuqarolarining sayohatlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yangi ruID mobil ilovasi ishga tushirildi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Raqamli rivojlanish, aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ilova yordamida Rossiyaga kirish uchun ariza topshirish, kirish cheklovlarini tekshirish va davlat xizmatlaridan foydalanish uchun raqamli profilni shakllantirish mumkin.

ruIDni App Store va Google Play ilovalar do‘konlaridan yuklab olish mumkin. Ilova rus tili bilan birga, ingliz, arman, qozoq, qirg‘iz, tojik va o‘zbek tillarida mavjud.

Bunda Rossiyaga vizasiz kirish uchun ariza topshirishda mazkur ilovadan ro‘yxatdan o‘tish kerak, buning uchun esa elektron pochta talab etiladi, Rossiya telefon raqamini esa ko‘rsatish shart emas.

Tashrif buyuruvchilar Rossiyaga kirishdan kamida 72 soat oldin sayohat maqsadini va o‘z ma’lumotlarini ko‘rsatishlari kerak. Alohida hollarda tashrif haqida chegarani kesib o‘tishdan 4 soat oldin xabardor qilishga ruxsat beriladi.

Keyin rasmga tushish, xorijga chiqish pasportini rasmga olish va ovozni yozib olish talab etiladi. Shundan so‘ng ariza Rossiya Ichki ishlar vazirligiga kirish cheklovlari bor-yo‘qligini tekshirish uchun yuboriladi. Tekshiruv natijasi shaxsiy kabinetda paydo bo‘ladi.

“Ariza Belarus fuqarolari, 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar, diplomatlar va Rossiyadagi xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari, shuningdek, Rossiyada akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro tashkilotlar va ularning vakolatxonalari xodimlari va ularning oila a’zolari tomonidan rasmiylashtirilmasligi mumkin”, — deyiladi xabarda.

Rossiya davlat chegarasini kesib o‘tishda arizadagi ma’lumotlar tekshiruvdan o‘tkaziladi. Keyin chet el fuqarosining raqamli profili shakllantiriladi va SNILS va Rossiya SIM-kartasini rasmiylashtirish uchun ishlatiladigan Davlat xizmatlarining standart hisobi yaratiladi.

Rossiya Federatsiyasi Raqamli texnologiyalar vazirligi mamlakat ichida mavjud xizmatlar ro‘yxati bosqichma-bosqich kengaytirilishini va’da qilmoqda.

Chet el fuqarolarining Rossiyaga kirishi qoidalari bilan havola orqali batafsil tanishish mumkin.

30-iyundan boshlab Rossiyaga vizasiz rejim doirasida kelayotgan xorijliklar uchun oldindan onlayn ro‘yxatdan o‘tish tartibi joriy etildi. Buning uchun “Davlat xizmatlari"da ro‘yxatdan o‘tish, mamlakatda bo‘lish muddatlarini ko‘rsatish va QR-kod olish kerak.

Avvalroq Spot Senat tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi qonunni qayta ishlashga yuborgani haqida yozgandi.