Avvalroq joriy yilning 30-iyunidan boshlab Rossiya vizasiz kiruvchi chet el fuqarolari uchun raqamli oldindan ro‘yxatdan o‘tish tizimini joriy etishi xabar berilgandi.

Ma’lum qilinishicha, chegarani kesib o‘tish uchun RuID mobil ilovasida so‘rovnomani oldindan to‘ldirish va QR-kod olish kerak bo‘ladi.

Biroq Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tizimda ishtirok etish ixtiyoriy ekani va tajriba loyihasi doirasida amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.

Izohlanishicha, to‘ldirilgan arizaning yo‘qligi kirish uchun to‘siq bo‘lmaydi va chegara nazoratidan o‘tishga ta’sir qilmaydi. Shunday qilib, QR-kod chegarani kesib o‘tish uchun majburiy shart emas.

Shu bilan birga, RuID’ga ariza topshirish chet el fuqarolariga bir qator afzalliklarni taqdim etadi:

  • Rossiya Ichki ishlar vazirligi tomonidan kirish uchun cheklovlar mavjudligini oldindan tekshirish;
  • chegarani kesib o‘tishda, masalan, SIM-karta sotib olish yoki bankda hisob raqami ochish uchun zarur bo‘lgan SNILSni avtomatik rasmiylashtirish;
  • davlat va tijorat xizmatlaridan foydalanish imkonini beruvchi raqamli profilni yaratish — ixtiyoriy tibbiy sug‘urta polisini rasmiylashtirish, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish va boshqalar.

Ro‘yxatdan o‘tish bir nechta tillarni, jumladan, o‘zbek tilini ham qo‘llab-quvvatlaydigan RuID mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi. So‘rovnomani topshirish uchun chet el pasporti ma’lumotlarini ko‘rsatish, fotosurat yuklash, ovozni yozib olish va sayohat yo‘nalishini tasdiqlash kerak bo‘ladi.

Yangi qoidalar faqat vizasiz kirishga taalluqli. Viza, shu jumladan, yagona elektron viza orqali kirib kelayotgan chet el fuqarolari uchun amaldagi tartib o‘zgarishsiz qoladi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston va Rossiya mehnat migrantlarini oldindan tayyorlashi haqida yozgandi.