Pensiya va nafaqalar 10% ga oshiriladi

1-iyuldan boshlab pensiyalar, nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari 10% ga oshiriladi.

Yoshga doir eng kam pensiya 918 ming so‘m, nogironlik pensiyasi 1 mln 12 ming so‘mni tashkil etadi.

Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori quyidagicha etib belgilandi:

  • 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun — 360 ming so‘m;
  • 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun — 275 ming so‘m;
  • oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha — 165 ming so‘m;
  • oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha — 110 ming so‘m;
  • kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori 420 ming so‘m.

1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 471 ming so‘m etib belgilanadi.


Fuqarolarga to‘lanadigan boshqa pensiya va nafaqalar miqdori oshiriladi

Unga ko‘ra, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori oyiga 1 mln 12 ming so‘m, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — 820 ming so‘m etib belgilandi.

Shu bilan birga, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori ham qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda 820 ming so‘mni tashkil etadi.

Boshqa pensiya va nafaqalar miqdori quyidagicha:

  • mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori — 1 mln 12 ming so‘m;
  • 1941−1945-yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori (ustamalarni inobatga olgan holda) — 4 mln 462 ming so‘m;
  • belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (918 ming so‘mdan) 1 mln 12 ming so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori — 1 mln 12 ming so‘m;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — 820 ming so‘m.

Shuningdek, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori oyiga 820 ming so‘m etib belgilanadi. Keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun 270 ming so‘mdan qo‘shiladi.

Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori 820 ming so‘mni tashkil etib, keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibda pensiya to‘lanadi.


Nogironlik pensiyalari ham proaktiv shaklda tayinlanadi

I yoki II guruh nogironligi pensiyalarini alohida murojaat talab etmasdan proaktiv shaklda tayinlash tartibi joriy etiladi. Bunda fuqaroga proaktiv shaklda tayinlangan pensiyalarni rad qilish huquqi beriladi.

Ko‘rish qobiliyati bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga hamda yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni o‘tagan shaxslarga kompensatsiyalarni elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida proaktiv shaklda tayinlanadi.

Nogironlik pensiyasi tayinlangandan so‘ng kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lganda fuqaroning pensiya miqdori har ikki yilda proaktiv shaklda qayta hisoblanadi.


Uy-joy qurilishida eskrou tizimi joriy etiladi

Endi qurilishga ulushdorlarning mablag‘larini jalb qilish “eskrou” hisobvaraqlari hamda ulushli ishtirok etish tartibi orqali amalga oshiriladi. Mazkur tartib 1-iyuldan joriy yil oxirigacha amal qiladi.

2026-yildan boshlab esa ulushli qurilish faqat “eskrou” hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov tizim uchun dasturiy ta’minot allaqachon ishlab chiqilib, sinovdan o‘tkazilayotganini ma’lum qilgandi.

Uning qayd etishicha, loyiha aholi mablag‘larini himoya qilish, uy-joylarni o‘z vaqtida va sifatli qurish, ularning qonuniyligini ta’minlashga qaratilgan. Butun tizim raqamli platforma orqali to‘liq nazorat qilinadi.

Loyihaga Rossiyaning DOM.RF davlat kompaniyasi jalb qilingan bo‘lib, uning ishtirokida Toshkentning Sergeli tumanida pilot loyiha amalga oshirildi.

Banklar quruvchilarga moliyalashtirish orqali ajratiladigan kreditlarning yillik foiz stavkasini eskrou-hisobvarag‘ida jamlangan mablag‘lar hajmidan kelib chiqib belgilaydi. Eskrou-hisobdagi mablag‘lar ko‘payishi bilan kredit foiz stavkasi pasaytirib boriladi. O‘z vaqtida qurilishi tugallanmagan obyekt bo‘yicha qat’iy belgilangan jarimalar joriy qilinadi.


Qurilishdagi nazorat tadbirlari bodikamera hamda planshetlar orqali amalga oshiriladi

1-iyuldan barcha ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi obyektlari majburiy tarzda shartnoma asosida texnologik auditdan o‘tkaziladi. Bosqichma-bosqich hududiy inspeksiyalarda Qurilish obyektlarini onlayn kuzatish markazi tashkil etiladi.

Shu bilan birga, joriy yilda tajriba-sinov tarzida Qashqadaryo viloyatida budjet mablag‘lari hisobiga yangidan quriladigan obyektlarga videokameralar o‘rnatiladi. Iyuldan boshlab qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi nazorat tadbirlari mobil videokameralar (bodikamera) va maxsus planshetlar orqali amalga oshiriladi.


Pasport va ID-karta kabi boshqa hujjatlarning elektron shakli rasman tan olinadi

“Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi doirasida belgilangan hujjatlarning unifikatsiyalangan raqamli servislari joriy etiladi.

Yagona portal (my.gov.uz) va “Ijtimoiy karta” mobil ilovasida raqamli servislardan foydalanish imkoniyati yaratilib, ular O‘zbekiston hududida majburiy tartibda qabul qilinadi.

Bu ro‘yxatda quyidagi hujjatlar mavjud:

  • Biometrik pasport;
  • ID-karta;
  • Haydovchilik guvohnomasi;
  • Tug‘ilganlik haqida guvohnoma;
  • Nikoh qayd etilganligi haqida guvohnoma;
  • Nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma;
  • Avtomobil ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma (texnik pasport, texnik talon);
  • Pensiya (nafaqa) guvohnomasi;
  • Fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yashash guvohnomasi (ID-kartasi);
  • Nogironlik to‘g‘risida ma’lumotnoma;
  • Avtomobilning majburiy sug‘urtasi (fuqarolik javobgarligi) bo‘yicha sug‘urta polisi;
  • Oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar va professional ta’lim olganlik to‘g‘risidagi rasmiy hujjat;
  • Talabalik guvohnomasi;
  • YTT sifatida ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
  • O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma;
  • Turar joy obyektlarining kadastr pasporti;
  • Avtomobilni boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma.

Bunda mazkur hujjatlarning qog‘oz nusxalari banklarda, notarial idoralarda, aeroportlarda ichki reyslarni ro‘yxatdan o‘tkazishda va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi poyezdlarga chiqishda talab etilmaydi.

Shu bilan birga, davlat, korporativ va boshqa xizmatlar, jumladan, elektron xizmat ko‘rsatish hamda fuqarolarni qabul qilishda tegishli hujjatlarni taqdim etishni talab qiladigan davlat organlari va boshqa tashkilotlarda ularni so‘rashga yo‘l qo‘yilmaydi.


Marketpleyslar uchun xabardor qilish tartibi joriy etiladi

Elektron tijorat operatorlari faoliyatini amalga oshirish uchun xabardor qilish tartibi va maxsus reyestr joriy etiladi.

Platformalardagi barcha operatorlar va sotuvchilar elektron tijorat doirasida hisob-kitoblarni alohida bank hisobvaraqlari orqali amalga oshirishlari kerak bo‘ladi. Bunga tovar va xizmatlarni yetkazib beruvchi yoki yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi o‘zini o‘zi band qilganlar ham kiradi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning elektron tijoratdan olgan daromadlari uning bank kartasi biriktiriladigan alohida hisobvarag‘ida hisobga olinishi kerak. Mablag‘lar tovarlar va xizmatlarni sotishdan olingan daromadlarni aniqlashda aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga o‘tkazish uchun foydalaniladi.


Ijtimoiy kartalarni berish dasturi boshlanadi

O‘zbekistonda “ijtimoiy karta"lar joriy etilishi haqida birinchi marta davlat rahbari 2024-yilning fevralida ma’lum qilgandi. O‘shanda tizimning birinchi bosqichi 1-oktabrdan ishga tushirilishi aytilgandi, biroq texnik va tashkiliy tayyorgarlik tufayli kechiktirildi.

Iyul oyida bunday kartalar 2025-yildan mamlakatning barcha hududlarida joriy etilishi belgilandi. Mazkur karta bir vaqtning o‘zida ham to‘lov vositasi, ham ehtiyojmand toifani bildiradi. Ijtimoiy nafaqa va yordamlar karta orqali ko‘rsatiladi.

Davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibini yaxshilashga qaratilgan prezident qarori bilan 1-dekabrdan yangidan tayinlanadigan ijtimoiy to‘lovlar, xizmatlar va imtiyozlar “Ijtimoiy karta” orqali taqdim etilishi belgilangandi.

Dekabr oyida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tizim 2025-yilning 1-iyuligacha Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida sinovdan o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Shunday qilib, mazkur hududlarda tizim ishga tushirildi, 1-iyuldan boshlab barcha hududlarda bosqichma-bosqich ijtimoiy kartalarni rasmiylashtirish boshlanadi.

Mazkur karta bir vaqtning o‘zida ham to‘lov vositasi, ham ehtiyojmand toifaga mansublik tasdig‘i hisoblanadi. Kartalarni taqdim etish bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi shug‘ullanadi hamda ularni moliyaviy agent — rezident banklar muomalaga chiqaradi.

Bunda 72 turdagi ijtimoiy xizmatlar, 76 turdagi yordam va 200 ga yaqin imtiyoz yagona elektron tizimga umumlashtiriladi. Uning doirasida har bir oila ehtiyoji va imkoniyatlarini aks ettiradigan “ijtimoiy-raqamli pasporti” joriy etilishi rejalashtirilgan.


Import dori vositalarining savdosi faqat EHF orqali amalga oshiriladi

Prezidentning may oyidagi qarori bilan farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha yangi talablar belgilangan.

Xususan, 1-iyuldan import qiluvchi tashkilot tomonidan O‘zbekiston hududiga olib kirilgan dori vositalarini ularning ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki uning rasmiy dilerlari orqali sotish elektron hisobvaraq-faktura asosida amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, endi raqamli markirovkalangan mahsulotlarni ulgurji sotish faqat naqd pulsiz shaklda bank hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.


Kichik obyektlar qurilishini nazorat qilish xususiy sektorga o‘tkaziladi

Yakka tartibdagi uy-joylar va kichik hajmdagi noturar bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha nazorat tadbirlari xususiy sektor tomonidan olib boriladi.

Bunday obyektlarda qurilish yakuniga yetgandan so‘ng loyihachi tomonidan Shaffof qurilish milliy axborot tizimida xulosa shakllantiriladi va buyurtmachiga taqdim etiladi. Obyektdan foydalanish uchun ruxsatnomani tegishli tuman va shahar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limlari taqdim etadi.

Xususiy qurilish nazorati o‘tkazilmagan yoki loyihachining ijobiy xulosasi bo‘lmagan obyektlarni foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.

Quyidagilar xususiy qurilish nazorati obyektlari hisoblanadi:

  • 2 qavatdan yuqori bo‘lmagan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan yoki umumiy maydoni 500 kv.metrdan ortiq bo‘lmagan yakka tartibdagi uy-joylar;
  • qurilish hajmi 300 metr kubdan ortiq bo‘lmagan noturar bino va inshootlar hamda yengil turdagi (konstruksiyali) qurilmalar.

Barcha tovar eksportiga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinadi

Eksport bojlari saqlanib qoladigan 86 nomdagi xomashyo va ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar bundan mustasno. Shavkat Mirziyoyev bu qaror eksportchilar uchun yangi imkoniyatlar ochishi, ishlab chiqarish va sifat o‘sishini rag‘batlantirishini ta’kidladi.

Shuningdek, import tovarlarning bojxona qiymatini belgilashning yangi tartibi kuchga kiradi — u xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi. Bu import qilishda narxlarni sun’iy ravishda pasaytirishga qarshi kurashishga qaratilgan bo‘lib, chet el mahsulotlarining mahalliy mahsulotlarga nisbatan ustunligini ta’minlagan.

Bundan tashqari, hukumat ichimliklar, texnika, dori-darmonlar va spirtli ichimliklarni raqamli markirovkalash ustidan nazoratni kuchaytiradi. Ushbu sohadagi qoidabuzarliklar tovarlarning kuzatib borilishini yo‘qotishiga olib keladi. Bojxona va Soliq qo‘mitalariga markirovkaning ishlab chiqarishga ta’sirini kamaytirish, nazoratni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.