TBC Bank Group O‘zbekistonda chakana savdoni avtomatlashtirish yechimlari sohasida ishlaydigan BILLZ SaaS platformasida aksiyalarning nazorat paketini sotib olganini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.
“Strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimda ko‘zda tutilgan kelishuv tartibga soluvchi organlar tomonidan zarur ruxsatnomalar olingandan so‘ng amalga oshiriladi va O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan texnologik sektoridagi so‘nggi 30 yildagi eng yirik qo‘shilish va sotib olishlardan biriga aylanadi”, — deyiladi xabarda.
Bitim natijasida BILLZ platformasi TBC Uzbekistan ekotizimiga integratsiya qilinadi. Yangi hamkorlik Guruhning kichik va o‘rta biznes segmentidagi mavqeini sezilarli darajada mustahkamlaydi.
TBC Bank Group BILLZ aksiyalarining $12 mlngacha bo‘lgan nazorat paketini sotib oladi. Dastlab 53% ulush $9 mlnga xarid qilinadi, shundan so‘ng keyingi 2 yil ichida paket hajmini 60% gacha oshirish rejalashtirilgan.
BILLZ’ning bitim tugagandan keyingi qiymati $20 mlnni tashkil etishi mumkin.
Bitim shartlariga ko‘ra, BILLZ platformasi o‘z brendi ostida ishlashni davom ettiradi, biroq TBC Uzbekistan ekotizimiga to‘liq integratsiya qilinadi. Rahbariyat, jumladan, platformaning bosh direktori va hammuassisi Rustam Hamdamov va BILLZ jamoasi o‘z mavqeini saqlab qoladi hamda yangi mahsulotlarni ishlab chiqish va sotishni boshqarishda davom etadi.
TBC Bank Group BILLZ’ning qolgan 40% aksiyalariga nisbatan oldi-sotdi opsioni bo‘yicha bitim tuzilganidan keyin 36 oy ichida sotish imkoniyati bilan shartnoma tuzdi. TBC Capital bitim doirasida aktivlarni sotib olish bo‘yicha TBC PLC kompaniyasining yagona maslahatchisi hisoblanadi.
BILLZ
2017-yilda ishga tushirilgan BILLZ platformasi chakana savdoni avtomatlashtirish uchun yechimlar yaratadi. Xizmat mahsulotlarni boshqarish, xodimlar va moliya, tahlil, CRM, jamoani o‘qitish, shuningdek, marketpleyslar va kreditlash bilan integratsiya qilish vositalarini taklif etadi.
Kompaniya 6 ta davlatda — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Gruziya va Ozarbayjonda faoliyat yuritadi, shuningdek, franchayzingni yo‘lga qo‘ygan. BILLZ’ning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyaning yechimlaridan 4 mingdan ortiq do‘konlar foydalanadi.
2024-yil sentabr oyida startap Pre-Series A investitsiya raundini o‘tkazdi, unda $10 mlnga baholangan $500 ming investitsiya jalb qilindi. Raundga Qozog‘istonning FinQ faktoring kompaniyasi, Activat VC va Aloqa Ventures venchur fondlari boshchilik qildi.
O‘sha yilning noyabr oyida Trendyol marketpleysining hammuassisi Evren Uchok BILLZ’ga investitsiya kiritdi. Turkiyalik tadbirkor chakana savdo platformasi direktorlar kengashiga ham kirdi.
Avvalroq Spot TBC Bank Group O‘zbekistonda biznesni moliyalashtirish uchun $200 mlnlik obligatsiyalar chiqargani haqida yozgandi.