Toshkent shahrida yo‘l harakati xavfsizligini raqamli texnologiyalar asosida boshqarishga mo‘ljallangan Kompyuterlashtirilgan vaziyatlar markazi ishga tushirildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu markaz kapital ta’mirlangan bosh boshqarma Yo‘l-patrul xizmati brigadasining ma’muriy binosida joylashgan.

U sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar yordamida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish hamda shaharda tirbandliklarni barvaqt prognoz qilish imkonini beradi.

Markazda joriy etilgan Intellektual transport platformasi avtomobillar oqimini real vaqt rejimida kuzatib borish, tahlil qilish hamda harakatni samarali boshqarish imkoniyatini yaratadi.

Tizim shahar ko‘chalaridagi tirbandliklarni 50% gacha kamaytirishi, yo‘lovchilarning vaqtini tejashi, favqulodda xizmatlarning harakatini tezlashtirishi va yo‘llardagi avariyalar sonini kamaytirishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, Toshkent ko‘chalarida har kuni 1 mlndan ortiq avtotransport vositasi harakatlanadi, YPX inspektorlari tomonidan 2,97 mlndan ortiq qoidabuzarliklar aniqlanib, qonuniy choralar ko‘rilgan.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida, yo‘l-transport hodisalari umumiy soni 4,1% ga kamaygan. O‘lim bilan bog‘liq avariyalar 6,9% ga, tezlikni oshirish sababli yuz bergan halokatlar 66,7% ga, mast holda boshqarilgan transport vositalari sababli sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar esa 16,7% ga qisqargan. Bundan tashqari, bolalar ishtirokidagi YTHlar soni ham 8% ga kamaygani kuzatildi.

2024-yilning mart oyida Toshkentda avtomobillarni diagnostika qilish markazi ishga tushgandi. Inson omili kamaytirilgan markazda davlat raqam belgisini biriktirish va qayd etish guvohnomasini topshirish jarayoni amalga oshiriladi.

Avvalroq nogironligi bo‘lganlarga avtomobilni qayta jihozlash xarajatlari qoplab berilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, avtobus kompaniyalari ham o‘z parkini nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirgani uchun kompensatsiya olishlari mumkin bo‘ladi.