Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Quvasoy shahrida bir nechta yirik investitsiya loyihalariga start berdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo va oziq-ovqat sanoatidagi loyihalarning umumiy qiymati $65 mlnga baholanib, ular Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasida joylashadi.

Xususan, Ferghana Tulpor Machinery kompaniyasi tomonidan xitoylik investorlar ishtirokida qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasining qurilish ishlariga kirishildi.

Zavod 7 gektar maydonda joylashadi, loyiha qiymati birinchi bosqichda $30 mlnni tashkil qiladi. Keyingi bosqichlarda kengaytirilib, uch yilda uning qiymati $300 mlnga yetkaziladi.

Keyinchalik korxona yonida ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi qo‘shimcha korxonalar barpo etish ham rejalashtirilmoqda. Bu yerda Tulpor nomi ostida bog‘ oralarida ishlovchi kichik hamda 400 ot kuchiga ega traktorlar ishlab chiqariladi.

Texnikalar O‘zbekiston bilan birga, Markaziy Osiyo, MDH davlatlari hamda qo‘shni davlatlar bozorlariga yetkazib beriladi. Loyiha doirasida 250 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, shu kuni Qo‘qon EIZda Arborvitaye Pharmaceuticals kompaniyasi farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasi korxonasini qurishni boshladi. Loyiha qiymati — $10 mln. Korxona joriy yilning to‘rtinchi choragida ishga tushirilib, 400 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Turkiya sarmoyadorlari ishtirokida NF Textil Kimya korxonasining kimyoviy moddalar va bo‘yoqlarni qayta ishlashni tashkil etish loyihasiga start berildi. $10 mlnlik loyiha doirasida korxonada zamonaviy texnologiyalar asosida yuqori texnologik ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 100 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, Omina Malika tara idishlar ishlab chiqarish, meva-sabzavotlarni qadoqlash va muzlatgichlar tashkil etish ishlarini boshladi. $15 mlnlik loyiha doirasida korxonada 40 nafar fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.

Xitoy investitsiyasi asosida Farg‘onada Tulpor brendi ostida traktorlar ishlab chiqarilishi joriy yilning mart oyida ma’lum bo‘lgandi. Buning uchun mahalliy korxona ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Avvalroq Fransiyaning MND kompaniyasi Shohimardonda 45 mln yevrolik turistik zona tashkil etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Uning doirasida tog‘li hududda arqon yo‘li, osma ko‘prik, ekstremal sakrash hududi, tomosha yo‘laklari va maydonlari, turli attraksionlar quriladi.