2025-yilning yanvar-iyun oylari yakunlariga ko‘ra, o‘zbek so‘mi AQSH dollariga nisbatan sezilarli darajada mustahkamlanishda davom etdi. Bu haqda Spot o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.
Iyun oyida milliy valyuta dollarga nisbatan 114,13 so‘mga yoki 0,89%ga qimmatlab, 12 654,13 so‘mni tashkil qildi.
Oyning katta qismida dollar arzonlashdi va 2024-yil 29-yanvardan beri birinchi marta 12 410 so‘mgacha tushdi. Biroq iyun oyining so‘nggi haftasida milliy valyuta qadrsizlana boshladi va bir necha kun ichida 240 so‘mdan ortiq yo‘qotdi.
Oy yakuniga ko‘ra, aksariyat tijorat banklarida dollar kursi 12 600 so‘mdan past darajada saqlanib qoldi. Eng qimmat Amerika valyutasini O‘zmilliybank sotib olmoqda — 12 650 so‘m, dollarni sotishning eng foydali kursi esa Mybank (sobiq Madad Invest Bank) tomonidan taklif etilmoqda — 12 645 so‘m.
2024-yilda o‘zbek so‘mi nisbiy hisobda atigi 4,71%ga (yoki mutlaq hisobda 581,78 so‘mga) qadrsizlangan. Birinchi yarim yillikda esa milliy valyuta 2%dan ortiqqa yoki 262 so‘mga kuchaydi.
May oyi boshida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov Spot’ga bergan izohida 2025-yilda milliy valyuta kursining barqarorligi sabablarini tushuntirgandi.
“Birinchidan, [dollar] kursiga pul o‘tkazmalari oqimining ko‘payishi ta’sir qiladi. Ikkinchidan, bizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar yaxshi kirib kelmoqda. Uchinchidan, birinchi chorakda import ilgargi katta ta’sir ko‘rsatgan darajada o‘smadi. Shuningdek, oltinni hisobga olmaganda tovarlar eksporti ham oshdi”, — dedi Markaziy bank rahbari o‘rinbosari.
Birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, Markaziy bank transchegaraviy pul o‘tkazmalarining yuqori o‘sishini qayd etdi. 2024-yilda xalqaro jo‘natmalar hajmi 30% ga oshib, $14,8 mlrdni, O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar esa 53,3% ga o‘sib, $11,9 mlrdni tashkil etdi.
Yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi $24,6 mlrdga yetdi. Bunda eksport hajmi 35,1% ga ($11,88 mlrd) o‘sdi. Bunga oltin yetkazib berish hajmining 60% ga oshib, 5,48 mlrdga yetgani ham hissa qo‘shdi. Import esa atigi 2,9% ga o‘sib, $12,72 mlrdni tashkil etdi. Natijada tashqi savdo balansi taqchilligi to‘rt barobarga — o‘tgan yilgi $3,58 mlrddan $846,3 mlngacha qisqardi.
Aprel oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi tarixiy maksimumni yangilashda davom etdi — $49,25 mlrd, bu bir oy oldingi rekorddan $1,4 mlrdga yoki 2,93% ga ko‘pdir.
O‘tgan yilning dekabr oyida Spot tahlilchilar bilan 2024-yilda so‘mning zaiflashish sur’atlari pasayishi sabablari, milliy valyuta mustahkamlanishidagi xatarlar hamda 2025-yilda almashuv kursiga ta’sir qiluvchi omillar haqida suhbatlashgandi.
Ekspertlar joriy yil yakuni bo‘yicha dollar kursi 13 340−14 ming so‘m oralig‘ida shakllanishini kutmoqda. Milliy valyuta oltinning sotilishi va o‘sishiga, jalb qilinadigan xorijiy kreditlar va investitsiyalarga, Markaziy bank siyosatiga, transchegaraviy o‘tkazmalar hajmiga, import oshishiga hamda global iqtisodiyot holatiga bevosita bog‘liq bo‘ladi.
Avvalroq yanvar-mart oylarida O‘zbekistonning davlat qarzi $2,22 mlrdga oshib, $42,4 mlrddan ortiqni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.