O‘zbekistonda yirik hisob-kitoblar tizimini naqd pulsiz shaklga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 26-iyun kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senati majlisida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.
Mirzayev tadbirkorlarni “soya"dan olib chiqishda ijobiy natijalar mavjudligiga qaramay, muammolar mavjudligini, xufiyona iqtisodiyot ulushi yuqoriligicha qolayotganini qayd etdi.
Shundan kelib chiqib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Soliq qo‘mitasi hamda Savdo-sanoat palatasi, shuningdek, tadbirkorlar bilan birgalikda xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha prezident qarori loyihasi ishlab chiqilgan.
Bunda asosiy e’tibor naqdsiz hisob-kitoblar tizimini rag‘batlantirish, qonuniy faoliyatni yo‘lga qo‘yish orqali aholiga rasmiy ish haqi berish va hozirgacha hal qilinmagan boshqa muammolarni yechishga qaratilgan. Qaror loyihasi barcha vazirlik va idoralar bilan kelishilib, prezident Administratsiyaga yuborilgan.
Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari ushbu qaror ijrosi xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashishni tizimli amalga oshirishga yordam berishini kutmoqda. Loyiha bilan naqdsiz hisob-kitoblar tizimini joriy etishni yirik bitimlardan boshlash rejalashtirilmoqda.
“Ko‘plab davlatlar 2030-yilga borib naqdsiz hisob-kitobga o‘tishni asosiy maqsad qilib qo‘ygan. Qaror loyihasida ham asosan eng yirik hisob-kitoblarni naqdsiz shaklga o‘tkazish belgilanmoqda. Bu bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. [Birinchi navbatda] ko‘chmas mulkdan boshlaymiz. Bugungi kunda uy sotish va sotib olish ko‘pincha naqd pul yoki to‘lov xizmatlari (Click, Payme va boshqalar) orqali amalga oshiriladi”, — dedi u.
Mubin Mirzayevning ta’kidlashicha, ushbu to‘lovlarning barchasini qonuniy tartibda, bank aylanmasi orqali amalga oshirish, savdo qoidalarini buzmagan holda ishlashni ta’minlash hamda rag‘batlantirish mexanizmini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
“Loyihada qonunni buzmasdan ishlashning tartib-qoidalarini aks ettirdik, uning qabul qilinishi bizga asosiy dastak bo‘ladi”, — deya xulosa qildi u.
O‘tgan yilning aprel oyida e’lon qilingan prezidentning yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan qarori loyihasi bilan ulgurji savdoni to‘liq naqd pulsiz hisob-kitobga o‘tkazish taklif qilingandi.
Loyiha bilan 2024-yilning 1-mayidan uy-joy, ko‘chmas mulk va avtomobil savdosi faqat naqd pulsiz hisob-kitoblar asosida amalga oshirilishi belgilanib, mazkur operatsiyalar doirasida komissiya to‘lovlari bekor qilinishi nazarda tutilgandi.
Bunda, fuqarolar tomonidan oldi-sotdi shartnomalarini bank ma’lumotlari asosida, yuridik shaxslar tomonidan esa elektron hisobvaraq-faktura orqali naqd pulsiz hisob-kitoblarning amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lsa notarial rasmiylashtiriladi.
2024-yilda O‘zbekistonning kuzatilmaydigan iqtisodiyoti hajmi 505,65 trln so‘mni tashkil etdi. Shundan norasmiy iqtisodiyot hajmi 383,64 trln so‘mga, yashirin iqtisodiyot esa 122 trln so‘mga teng bo‘ldi. Tarmoqlar tarkibida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi yetakchilik qilib, undan keyingi o‘rinlarda qurilish va xizmatlar sohasi turibdi.
O‘tgan yili Bosh prokuratura tomonidan 747 mingdan ortiq holatda rasmiy sektorda aks etmagan aylanmalar hisobga olinib, budjetga qo‘shimcha 15,9 trln so‘m mablag‘ undirildi. Xufiyona iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq jinoyat ishlari doirasida qariyb 2 trln so‘m zarar undirildi.
Joriy yilning fevral oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida xufiyona faoliyat yuritib, “konvertda” oylik to‘layotgan tadbirkorlar ustidan nazorat kuchaytirilishi ma’lum qilingandi.
Avvalroq Spot Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston Soliq qo‘mitasini isloh qilishga chaqirgani haqida yozgandi.