26-iyun kuni zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan qimmatbaho metallarni qayta ishlashning yillik hajmini 7 tonnaga, zargarlik buyumlarini eksport qilish ko‘rsatkichlarini $300 mlnga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birgam qimmatbaho metallar va zargarlik buyumlarining norasmiy aylanmasini kamida 50% ga qisqartirish ko‘zda tutilgan.

Endi qimmatbaho metallarni kechiktirib to‘lash sharti bilan sotishda 90 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga foiz hisoblanmaydi. 91-kundan boshlab 180-kungacha amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga esa yillik 3% miqdorida foiz hisoblanadi.

Zargarlik markazlarida O‘zbekzargarsanoati uyushmasi va Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining filiallari faoliyati (sayyor xizmat ko‘rsatish) yo‘lga qo‘yiladi. Uyushma a’zolari a’zolik badalining yarmini to‘lashlari mumkin.

2026-yildan boshlab qimmatbaho metallar va toshlardan ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlarni sotish bo‘yicha aylanmani QQSdan ozod qilishga oid imtiyoz bekor qilinadi. Oltindan yasalgan zargarlik buyumlarining chakana savdosi uchun yig‘im undirilmaydi.

Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki ularni sotish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar daromadidan qat’i nazar QQS to‘lovchisi hisoblanadi. Ularga 2028-yilgacha QQSning 80%i har oyning 25-sanasigacha avtomatik ravishda qaytariladi.

Joriy yilning 1-sentabridan YTTlarga zargarlik buyumlarini sotish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi.

Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi tomonidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida sayyor xizmatlar tashkil etiladi. Ularda zargarlik buyumlarining asillik darajasini tekshirish va tamg‘alash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatiladi.

Shuningdek, qimmatbaho metallar va toshlar to‘g‘risidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar berganlarga undirilgan jarima miqdorining 50%i miqdorida mukofot to‘lanadi. Murojaatlar Soliq mobil ilovasi orqali qabul qilinadi.

May oyida prezident rahbari sohani “soya"dan chiqarish uchun yakka tartibdagi tadbirkorlarga tilla buyumlari bilan savdo qilishga ruxsat berish bo‘yicha bildirilgan taklifni ma’qullagandi.

Avvalroq valyuta tushumini sotishdan bo‘yin tovlaganlik uchun jarima bekor qilinishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Qimmatbaho metallar va toshlarning noqonuniy aylanmasi uchun javobgarlik kuchaytiriladi.