30-iyun kuni Qirg‘izistonda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining butun uzunligi bo‘ylab to‘liq hajmdagi qurilish ishlari boshlandi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatiga tashrif buyurib, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan Farg‘ona va Qo‘sh-Dobo tonnellari qurilishi ishlari bilan tanishdi. Shuningdek, Makmal temir yo‘l stansiyasi o‘rnida barpo etiladigan yangi stansiya loyihasi va Yangi Jalolobod temir yo‘l stansiyasi qurilish rejalari ham ko‘zdan kechirildi.

Vazirlik har birining uzunligi 12 kilometrdan ortiqni tashkil etuvchi ushbu tonnellar temir yo‘li qurilishining asosiy inshootlari ekanligini qayd etdi.

Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, shu kuni mamlakatda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston xalqaro temir yo‘lining 304 km uzunligi bo‘ylab to‘liq qurilish ishlari rasman boshlangan.

Mamlakat Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Bakit Torobayev temir yo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha mutasaddilar ishtirokida o‘tkazgan yig‘ilishida qurilish jarayonida yuzaga kelayotgan o‘ndan ortiq masalalarni ko‘rib chiqib, ularni tezkor hal etish bo‘yicha davlat idoralariga tegishli topshiriqlar berdi.

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining qariyb 40%i tonnel va ko‘priklar orqali o‘tadi. Loyiha doirasida 27 ta tonnel va 41 ta ko‘prik qurish, ishlarni 2030-yilgacha yakunlash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Ilhom Mahkamov Qirg‘iziston Transport va kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Almaz Turgunbayev, Qirg‘iz Temir Jolu milliy kompaniyasi Bosh direktori o‘rinbosari Nurlan Arapbayev, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘l kompaniyasi bosh direktori Chjou Sin va EPC pudratchi tashkilotining bosh direktori Chjan Ey Tao bilan qurilish jarayonini muhokama etib, tegishli masalalar yuzasidan fikr almashdi.

O‘tgan yilning 27-dekabr kuni Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga start berilgandi. Umumiy uzunligi 532,53 km bo‘lgan temir yo‘l yo‘nalishda yiliga 15 mln tonna yuk tashish, kelgusida yo‘lovchi poyezdlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Aprel oyi oxirida Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Suzak tumanida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi doirasida muhim obyektlar qurilishi boshlandi. Har birining uzunligi 10 kmdan ortiq bo‘lgan 3 ta tunnel quriladi.

Uch tomonlama temir yo‘l loyihasi

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga tayyorgarlik 2022-yilda boshlangan. Uch tomonlama kelishuv bilan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni yakunlash belgilandi.

Temir yo‘l qurilishi bo‘yicha loyihaning asosiy kelishuvlari hal qilingan, uning qiymati taxminan $5,1 mlrdni tashkil qiladi. Uzunligi hozirgacha 454 km bo‘lishi mumkin. Joriy yilning iyun oyida temir yo‘l qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Iyulda Shavkat Mirziyoyev loyihani amalga oshirish bo‘yicha bitimni tasdiqladi. Hujjat bilan loyihani amalga oshiruvchi kompaniyaning ustav kapitaliga $255 mln ajratish topshirilgan. Shundan $14 mlni joriy yil oxirigacha o‘tkazilishi kerak.

Oktabr oyi boshida Bishkekda loyiha idorasi ochildi. Aqilbek Japarov mazkur temir yo‘lning qurilish ishlari o‘z vaqtida yakunlanishini aytdi. Noyabrga kelib, Qirg‘iziston hukumati loyiha kompaniyasiga $14 mln ajratishni tasdiqladi.

YTTB Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini moliyalashtirishi mumkin. Bank O‘zbekiston Transport vazirligi bilan loyiha doirasidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Mazkur temir yo‘li qurilishi 2024-yilning 27-dekabrida boshlanishi ma’lum qilindi. Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi va qo‘shma loyiha kompaniyasi investitsiya shartnomasini imzoladilar.

Avavlroq prezident transport vaziri va O‘zbekiston temir yo‘llari raisini tanqid qilgani haqida xabar berilgandi. Davlat rahbari dunyodagi geosiyosiy vaziyatda aholi va biznes bilan muloqotni kuchaytirish, ularning masalalarini tez hal qilish rahbarlarning asosiy vazifasi bo‘lishi zarurligini qayd etdi.