Joriy yilning iyul oyidan boshlab agregatorlar daromadi 100 mln so‘mdan oshgan o‘zini o‘zi band qilgan taksi haydovchilari va kuryerlar uchun soliq to‘laydi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 776,7 mingta o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxs ro‘yxatdan o‘tib, yengil avtotransport vositasida yo‘lovchilarni tashish hamda buyurtma asosida tovarlarni yetkazib berish yo‘nalishida faoliyat yuritmoqda.

1-iyul holatiga mijozlarni izlash bo‘yicha interaktiv xizmatlarni ko‘rsatuvchi 208 ta yuridik shaxslar — onlayn taksi agregatorlari soliq organlarining axborot tizimlari bilan to‘liq integratsiyalashgan. Ular orqali 430 mingdan ortiq o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar aholiga yo‘nalishsiz taksi xizmatini ko‘rsatmoqda. Agregatorlar tomonidan esa 89,6 mlrd so‘m soliq to‘langan.

2-iyuldan boshlab, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning yillik daromadi 100 mln so‘mdan oshsa, ular to‘lashi lozim bo‘lgan soliqlar soliq organlarining xabarnomasi asosida agregatorlar tomonidan to‘lov manbaida ushlab qolinadi.

Soliq qo‘mitasining qayd etishicha, joriy yil davomida yillik daromadi 100 mln so‘mdan oshgan o‘zini o‘zi band qilganlar soni 189 tani tashkil etgan.

“Mazkur tartib sohada band bo‘lgan jismoniy shaxslarga soliqlarni hisoblash, to‘lash va hisobot topshirish kabi ortiqcha ovvoragarchiliklardan xalos etadi”, deyiladi xabarda. Bundan tashqari, Yandex Uzbekistan platformalaridagi o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar va kuryerlar uchun soliqni to‘lash jarayonini avtomatlashtirgan birinchi kompaniya bo‘ldi.

Kompaniya matbuot xizmati Soliq qo‘mitasi tizimlari bilan texnik integratsiya amalga oshirilganini va o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar hamda kuryerlar uchun soliq avtomatik ravishda to‘lanishini Spot’ga tasdiqladi. Yandex Uzbekistan kim uchun soliq to‘lash kerakligi haqidagi ma’lumotni qo‘mitadan avtomatik ravishda oladi.

“Ushlab qolingan barcha mablag‘lar Yandex Pro ijrochilari uchun ilovada ko‘rinadi. Kompaniya Soliq qo‘mitasiga to‘langan soliq summasi haqida ilovada alohida xabarlar orqali qo‘shimcha ma’lumot berib boradi. O‘zini o‘zi band qilganlarning daromad solig‘ini to‘lovini avtomatlashtirish ijrochilar uchun jarayonni soddalashtiradi va ko‘plab xatolarning oldini oladi,” — deyiladi kompaniyada.

2024-yildan boshlab yillik daromadi 100 mln so‘mdan oshgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar soliqlarni yakka tartibdagi tadbirkorlar tartibida to‘laydilar, ya’ni aylanmadan olinadigan soliqni (4%) yoki qat’iy belgilangan miqdorda to‘lashga o‘tadilar.

Joriy yilning fevral oyida qabul qilingan prezident qarori bilan yengil avtomobillarda yo‘lovchilarni shahar, shahar atrofi va shaharlararo tashish o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritildi. Ularning 100 mln so‘mgacha daromadlariga soliq hisoblanmaydi hamda yangi yil boshidan “nol"dan hisob-kitob qilinadi.

Mart oyi boshida Soliq qo‘mitasi taksi faoliyati bilan band bo‘lganlar uchun soliqni hisoblash yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqilganini, bu tartib asosida soliqqa tortish tizimi joriy etilishini ma’lum qilgandi. Aprelga kelib, bu bo‘yicha tartib belgilandi.

Avvalroq Transport vazirligi haydovchilarga taksichilik qilishda belgilangan hududiy cheklov bo‘yicha rasmiy bayonot berib, taksi haydovchilari faoliyat hududini o‘zlari tanlashi mumkinligini, cheklov litsenziyada ko‘rsatilgan hudud uchun o‘rnatilishini ma’lum qilgandi.