Avvalroq Anorbank aksiyadori Qahramonjon Olimov Parijda o‘g‘irlab ketilgani haqida xabar berilgandi. Le Monde nashrining yozishicha, o‘zbekistonlik bankir Nitsaga olib ketilib, u yerda kaltaklangan va tahdidga uchragan. Ikki kundan keyin esa uni ozod qilishgan.

Bank o‘z aksiyadori ishtirokida O‘zbekistondan tashqarida yuz bergan voqea hamda OAVda tarqalayotgan ma’lumotlar bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.

Anorbank bu hodisani “shaxsiy, korporativ bo‘lmagan xususiyatga ega"ligini va bankning operatsion faoliyatiga aloqador emasligini qayd etdi.

“Anorbank o‘z ishini odatdagi tartibda davom ettirmoqda — barcha bo‘limlar, xizmatlar va raqamli kanallar barqaror ishlayapti, joriy va strategik loyihalar tasdiqlangan rejalarga muvofiq amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, bank OAVdan bu mavzuni yoritishda axloqiy me’yorlarga rioya qilishni, tekshirilmagan ma’lumotlarni e’lon qilmaslikni va shaxsiy hayot daxlsizligini hurmat qilishni so‘ramoqda. Anorbank’ka ko‘ra, bu rasmiy tergov jarayoni hamda Qahramonjon Olimovning shaxsiy hayot daxlsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Bundan tashqari, bank “barqarorlik, professionallik va mas’uliyatni saqlagan holda har bir mijoz uchun ishonchli moliyaviy hamkor bo‘lish vazifasiga sodiq qolishda” davom etishini qayd etgan. Tarqalayotgan ma’lumotlarga “tushunish va hamdardlik bilan yondashgan mijozlari, hamkorlari va hamkasblariga chuqur minnatdorchilik” bildirgan.

“Axborotga nisbatan sezgir vaziyatda bank sizning hamdardligingiz, sodiqligingiz va barqaror hamda ishonchli tashkilot sifatida bankka bo‘lgan ishonchingizni alohida qadrlamoqda. Bizga ko‘plab iliq so‘zlar va qo‘llab-quvvatlovlar yo‘llanmoqda, bu esa o‘zaro hurmat darajasining yuqoriligini tasdiqlaydi va ochiqlik hamda mas’uliyat tamoyillariga sodiqligimizni yanada mustahkamlaydi”, — deya xulosa qilingan.

Qahramonjon Olimov raqamli Anorbank’ning majoritar aksiyadori bo‘lib, 99,4% ulushga egalik qiladi. Yana 0,6%i Kapital Sug‘urta kompaniyasiga tegishli.

U 1977-yilda tug‘ilgan. 1999-yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutini “Moliya va kredit” mutaxassisligi bo‘yicha, 2012-yilda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini bitirib, biznes boshqaruvi magistri darajasini olgan. Shuningdek, Olimov Anorbank kuzatuv kengashi a’zosi hisoblanadi.

Avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki fuqarolarning roziligisiz qarzlar hisobiga ijtimoiy nafaqalarni hisobdan chiqarishni taqiqlagani haqida xabar berilgandi.