Xitoyning China Eastern Airlines aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshiradi. Bu haqda O‘zaviatsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
3-iyul kuni O‘zbekiston va Xitoy Xalq o‘rtasidagi havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim asosida China Eastern Airlines’ga ruxsatnomasi rasmiylashtirildi.
Avviakompaniya muntazam qatnovlarni Sian-Toshkent-Sian yo‘nalishida A320−251N havo kemalarida amalga oshiradi.
Bundan tashqari, Xitoyning Air China aviakompaniyasiga ham muntazam aviaqatnovlar uchun ruxsatnoma berildi.
Aviakompaniya O‘zbekistonga Pekin-Toshkent-Pekin va Urumchi-Toshkent-Urumchi yo‘nalishlarida amalga oshiradi. Air China parvozlarni Boeing-737−800/8 (MAX) va Airbus-330−300/200 havo kemalarida olib boradi.
Aviakompaniyalar haqida
China Eastern Airlines — Xitoyning uchta yirik aviakompaniyasidan biri. Tashuvchi Shanxayda joylashgan bo‘lib, 220 dan ortiq shaharlarga parvozlarni amalga oshiradi va 663 ta samolyotdan iborat flotga ega.
Air China (Xitoy xalqaro aviakompaniyasi) — 1988-yilda tashkil etilgan Xitoyning davlat aviatashuvchisi. U barcha qit’alardagi 200 ga yaqin shaharlarga parvozlarni amalga oshiradi. Kompaniya havo flotida 500 ga yaqin samolyot mavjud.
Avvalroq O‘zbekiston aviakompaniyalari Isroilga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni tiklayotgani haqida xabar berilgandi. Qanot Sharq 2-iyuldan, Air Samarkand 6-iyuldan, Centrum Air esa 31-iyuldan Tel-Avivga parvozlarni qayta yo‘lga qo‘yadi.