Microsoft kompaniyasi xodimlarining 4%igacha ishdan bo‘shatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya vakili bayonotiga asoslanib CNBC xabar berdi.

Barcha bo‘linmalar va turli darajadagi xodimlarga ta’sir qiladigan qisqartirishlar kompaniyaning boshqaruv jarayonlari va tuzilmasini takomillashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Microsoft kompaniyasining Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga (SEC) yuborgan yillik hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yilning iyun oyi oxirida kompaniyada 228 ming nafar xodim faoliyat yuritgan.

Shunday qilib, avvalgi ishdan bo‘shatishlarni inobatga olgan holda, taxminan 9 ming nafar xodim qisqartirish xavfi ostida qolishi mumkin.

Ishdan bo‘shatishning bu yangi bosqichi joriy yildagi ikkinchisi bo‘ladi. May oyida Microsoft xodimlarning 3%ini yoki taxminan 6 ming kishini qisqartirishni rejalashtirganini ma’lum qilgan edi.

Iyun oyida Microsoft ommaviy ishdan bo‘shatishlarning yangi to‘lqiniga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar berilgandi.

Kompaniya kelasi oyning boshidayoq minglab xodimlarini ish o‘rnidan bo‘shatishni rejalashtirgan. Buning asosiy sababi sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun resurslarni qayta taqsimlash ekan.

Ishdan bo‘shatish birinchi navbatda savdo va marketing bo‘limlariga ta’sir qiladi, manbalarning ta’kidlashicha, kompaniya faqat ular bilangina cheklanib qolmaydi.


Avvalroq Spot Volvo 3000 ga yaqin xodimni ishdan bo‘shatishi haqida yozgandi.

Qisqartirishlar kompaniya umumiy ishchilarining 15%i va asosan Shvetsiyadagi ofis xodimlariga ta’sir qiladi.