Avvalroq Anorbank aksiyadori Qahramonjon Olimov Parijda o‘g‘irlab ketilgani haqida xabar berilgandi. Fransiya OAVining yozishicha, o‘zbekistonlik bankir Nitsaga olib ketilib, u yerda kaltaklangan va tahdidga uchragan. Ikki kundan keyin esa uni ozod qilishgan.
Anorbank o‘z aksiyadori ishtirokida O‘zbekistondan tashqarida yuz bergan voqea hamda OAVda tarqalayotgan ma’lumotlar bo‘yicha rasmiy bayonot berib, buni “shaxsiy, korporativ bo‘lmagan xususiyatga ega holat” ekanligi va bankning operatsion faoliyatiga aloqador emasligini qayd etgandi.
Bank odatdagi tartibda olib borayotgani, barcha bo‘limlar, xizmatlar va raqamli kanallar barqaror ishlayotgani hamda joriy va strategik loyihalar reja asosida amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.
Gazeta’ning yozishicha, Le Monde nashrida e’lon qilingan o‘zbekistonlik 48 yoshli tadbirkorning o‘g‘irlanishi tafsilotlari uchun jabrlanuvchining fransuz banditizmiga qarshi kurash brigadasi (BRB) ko‘rsatmalari manba bo‘lgan.
Tadbirkor Parijga iyun oyi oxirida uchib borgan — u Fransiyaga tez-tez borib turgan va bu safar ham fransuz hamkorlari bilan uchrashish uchun safarni rejalashtirgan. Bundan tashqari, u ko‘chmas mulkni sotib olish bo‘yicha bitimni yakunlamoqchi bo‘lgan.
21-iyun kuni u kotibi bilan Toshkentdan ketgan, shu kuni kechqurun mehmonxona barida uning oldiga o‘zini Anastasiya deb tanishtirgan notanish qiz kelgan. Taxminan 25 yoshlardagi qiz unga rus va ingliz tillarida gapirgan, Turkiyadagi go‘zallik salonida ishlashini aytgan, biroq, Olimovning ta’kidlashicha, hashamatli aksessuarlar — Louis Vuitton pidjagi va Tiffany bilaguzugi qizning so‘zlariga mos kelmasdi.
Tadbirkor unga o‘z telefon raqamini bergan, o‘sha oqshom yana uchrashish taklifini esa rad etgan. Ertasi kuni ertalab Olimov qizning unga deyarli tun bo‘yi xabar yuborganini ko‘rgan, so‘ngra qizning baliq restoranida tushlik qilish taklifiga rozi bo‘lgan.
Ular mehmonxonadan bir necha qadam naridagi Jorj Giyomen maydoniga yetib kelishganda ularni qalin soqolli notanish kishi to‘xtatgan. “Ketdik, gaplashib olishimiz kerak”, — degan erkak rus tilida kuchli “chechencha aksent” bilan. Shu payt yana ikki erkak bo‘g‘ish usulini qo‘llab, bankirning qo‘llarini qayirib, uni mikroavtobusga majburlab o‘tirg‘izgan. Olimov qo‘lidagi telefonni qizga “Politsiyani chaqir!” deya baqirib uloqtirishga ulgurgan, biroq qiz bunday qilmagan.
Bankirning so‘zlariga ko‘ra, mikroavtobus baland panjarali uygacha bir necha soat yurgan. U yerda o‘g‘rilardan birini qiyofasidan tanigan, uni “qonundagi o‘g‘ri” va nufuzli jinoiy guruh a’zosi deb atadi.
Uning qayd etishicha, bu shaxs Olimovning yirik bankdagi sobiq sherigi B.R.ning ishonchli vakili hisoblanadi (2017-yilda Olimov Kapitalbank’da boshqaruv raisi bo‘lib ishlagan, u yerda uning 36% dan ortiq ulushi bo‘lgan). Taxminan o‘n yildan beri bu sobiq hamkor Olimovni, uning Turkiyaga “quvg‘in qilingan va vaqtinchalik badarg‘a bo‘lgan” paytidan foydalanib, bankdagi ulushini sotib olganlikda ayblab keladi.
O‘g‘rilardan biri: “Nihoyat seni tutdik! Sen mendan $10 mln qarzsan”, — degan va Olimovni urgan. Undan keyin uch soat davomida kaltaklashlar va osib o‘ldirish inssenirovkasi sodir bo‘lgan.
Shundan so‘ng bankirni yana furgonga o‘tqazib, Nitssadagi villaning yerto‘lasiga olib ketishgan. Uni “uy kinoteatri"ga aylantirilgan xonaga joylashtirishgan, u yerda uni ushlab turishgan va qiynoqqa solishda davom etishgan.
O‘g‘irlaganlardan biri Olimovning Yevropadagi aktivlari va investitsiyalari haqida bilishini aytib, tadbirkorning farzandlari haqida gapirgan va bankirning shaxsiy kotibini ham o‘g‘irlash bilan tahdid qilgan.
Oxir-oqibat Olimovni $5 mlnlik qarz haqida tilxat olishga majbur qilishgan. Tadbirkor haydovchisi orqali Toshkentdagi vositachiga $200 ming avans o‘tkazib bergan. Bu ilk to‘lov o‘g‘irlaganlarga garovdagi shaxsni ozod qilishi uchun yetarli bo‘lgan. Olimovni Nitssa vokzaliga olib borishgan, u yerdan poyezdda Parijga ketgan va darhol politsiyaga murojaat qilgan.
Fransiya politsiyasi uyushgan guruh tarkibida o‘g‘irlash bo‘yicha ish ochgan va “turk millatiga mansub” bir gumonlanuvchini qo‘lga olgan.
Olimov so‘roqdan so‘ng darhol Toshkentga qaytib, o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘riqchi yollagan. Biroq, nashrning yozishicha, o‘g‘rilikning taxminiy tashkilotchisi unga Telegram orqali tahdid va talablar yuborishda davom etmoqda. Shuningdek, u politsiyaga qilingan murojaatdan hayron bo‘lib, bularning barchasi “hazil” ekanini aytgan.
Qahramonjon Olimov raqamli Anorbank’ning majoritar aksiyadori bo‘lib, 99,4% ulushga egalik qiladi. Yana 0,6%i Kapital Sug‘urta kompaniyasiga tegishli.
U 1977-yilda tug‘ilgan. 1999-yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutini “Moliya va kredit” mutaxassisligi bo‘yicha, 2012-yilda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini bitirib, biznes boshqaruvi magistri darajasini olgan. Shuningdek, Olimov Anorbank kuzatuv kengashi a’zosi hisoblanadi.
Avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki fuqarolarning roziligisiz qarzlar hisobiga ijtimoiy nafaqalarni hisobdan chiqarishni taqiqlagani haqida xabar berilgandi.