2024-yilda O‘zbekistonda Yandex Go ekotizimidagi haydovchi, kuryer va hamkorlar jami $530 mln daromad oldi. Bu haqda Yandex Uzbekistan’ning davlat organlari bilan aloqalar bo‘yicha direktori Sardor Qodirov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Joriy yilning birinchi yarmida esa bu ko‘rsatkich $340 mlnni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 50% dan ortiqqa oshgan.

Qodirovning qayd etishicha, bu raqamlar Taksi, Yetkazib berish, Yandex Eda va Lavka xizmatlaridan olingan buyurtmalar asosida hisoblangan bo‘lib, u komissiyasiz sof daromadni o‘z ichiga oladi.

2025-yilning iyun oyi holatiga ko‘ra, Yandex Go ekotizimida 179 ming haydovchi va 49 ming kuryer faoliyat yuritmoqda. Kompaniya kundalik faol bo‘lgan — kuniga 7−8 soat ishlaydigan ijrochilar soni ortib borayotganini ta’kidladi.

2-iyuldan agregatorlar o‘zini o‘zi band qilgan taksi haydovchilari va kuryerlar uchun soliq to‘lashni boshladi. Kompaniyalar yillik daromadi 100 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslardan to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlarni ushlab qoladi va Soliq qo‘mitasiga yo‘naltiradi.

Yandex Uzbekistan esa platformalardagi o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar va kuryerlar uchun soliq to‘lash jarayonini avtomatlashtirgan birinchi kompaniya bo‘ldi. Soliq qo‘mitasining qayd etishicha, joriy yil davomida yillik daromadi 100 mln so‘mdan oshgan o‘zini o‘zi band qilganlar soni 189 tani tashkil etgan.

Avvalroq Transport vazirligi haydovchilarga taksichilik qilishda belgilangan hududiy cheklov bo‘yicha rasmiy bayonot berib, taksi haydovchilari faoliyat hududini o‘zlari tanlashi mumkinligini, cheklov litsenziyada ko‘rsatilgan hudud uchun o‘rnatilishini ma’lum qilgandi.