O‘zbekiston afg‘on tovarlari tranzitini soddalashtiradi va elektr energiyasi eksportini ko‘paytiradi. Bu haqda Afg‘oniston bosh vaziri o‘rinbosari G‘ani Barodar matbuot xizmati xabar berdi.
3-iyul kuni Xonkendida bo‘lib o‘tayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha vazifasini bajaruvchi o‘rinbosari Mulla Abdul G‘ani Barodarni qabul qildi.
Uchrashuvda tomonlar savdo-iqtisodiy, transport-logistika va energetika sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb jihatlarini muhokama qildilar.
Prezident chegaraoldi savdosi va tegishli infratuzilmani yanada rivojlantirish, qazib olish, to‘qimachilik va farmatsevtika sohalarida, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik loyihalarini ilgari surish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini tezlashtirish zarurligi qayd etildi.
Afg‘oniston bosh vaziri o‘rinbosarining aytishicha, 2024-yilda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 60%ga oshib, $1 mlrddan oshgan. “Umid qilamizki, yaqin kelajakda bu ko‘rsatkich $2 mlrdga yetadi”, — dedi u.
G‘ani Barodar O‘zbekistonni Afg‘oniston tovarlarini respublika hududi orqali Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiyaga tranzit eksport qilishga ko‘maklashishga chaqirdi.
Mirziyoyev O‘zbekiston Afg‘onistonning turli sohalariga sarmoya kiritishga tayyorligini ta’kidladi. Bu sohalarga Mozori Sharif-Hirot-Qandahor temir yo‘li qurilishi loyihasi, to‘qimach ilik korxonalarini barpo etish, sement ishlab chiqarish, neftni qayta ishlash zavodi qurish, tuz qazib olish va qayta ishlash hamda elektron boshqaruv tizimlari kiradi.
Shuningdek, O‘zbekiston 500 kV kuchlanishli elektr uzatish liniyasi ishga tushirilgandan so‘ng Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berish hajmini oshirishga tayyorligini bildirdi.
Prezident Afg‘oniston mahsulotlari, ayniqsa qishloq xo‘jaligi mollari eksportini O‘zbekiston orqali Markaziy Osiyo va Rossiyaga yengillashtirish maqsadida maxsus ko‘rsatmalar chiqarishni va’da qildi.
Davlat rahbari ikki mamlakat o‘rtasidagi bank operatsiyalarini takomillashtirish, Afg‘oniston fuqarolariga viza berish jarayonini osonlashtirish hamda Termiz xalqaro savdo markazida afg‘on mahsulotlarini sotishga ko‘maklashish masalalarining muhimligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Afg‘oniston bosh vaziri o‘rinbosari G‘ani Barodar boshchiligida qo‘shma guruh tuzishga kelishib oldi. Tomonlar erishilgan natijalarni baholash va kelishuvlarni amalga oshirish uchun har uch oyda bir marta yig‘iladilar.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Afg‘oniston imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni imzolagani haqida yozgandi.
Shu bilan birga, tomonlar 2025−2026-yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy va sanoat sohalarida hamkorlik dasturini imzoladilar.