Hukumatning 1-iyulda qabul qilingan qarori bilan “Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlashga ko‘maklashish, ularning bandligini ta’minlash hamda mehnat qilishini qo‘llab-quvvatlashni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi.

Hujjat bilan “Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligiga ko‘maklashish elektron reyestri” axborot moduli yuritiladi. Nogironligi bo‘lganlar bandligini ta’minlagan tadbirkor hamda xususiy bandlik agentliklariga bandlikka ko‘maklashish va ish o‘rinlariga moslashtirish subsidiyalari ajratiladi.

Bitta tashkilot nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun jami 500 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda subsidiya olishi mumkin.

Bandlikka ko‘maklashish subsidiyasini olish uchun tadbirkor elektron reyestrdagi I va II guruh nogironligi bo‘lgan fuqaroning kamida 3 oy davomida uzluksiz rasmiy bandligini ta’minlagan, bu davrda unga har oyda MHTEKMning 2 baravaridan (2,31 mln so‘m, 1-avgustdan 2,542 mln so‘m) kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi to‘lagan bo‘lishi kerak.

Ish o‘rinlariga moslashtirish subsidiyasi bandligi ta’minlangan I yoki II guruh nogironligi bo‘lganlar uchun surdotarjimon, psixolog yoki hamrohlik xizmatini tashkil qilgan tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha miqdorda ajratiladi.

Subsidiyaning har oylik miqdori quyidagicha:

  • surdotarjimon xizmati uchun BHMning 8 baravari (3 mln so‘m, 1-avgustdan 3,296 mln so‘m);
  • psixolog xizmati uchun BHMning 10 baravari (3,75 mln so‘m, 1-avgustdan 4,12 mln so‘m);
  • hamrohlik xizmati uchun BHMning 5 baravari (1,875 mln so‘m, 1-avgustdan 2,06 mln so‘m).

Tadbirkorlar subsidiyalarni olish uchun “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizim yoki Yagona portal (my.gov.uz) orqali murojaat qiladi.

Aprel oyi oxirida prezident huzurida o‘tkazilgan majlisda nogironligi borlarni ishga olgan yengil sanoat korxonalariga soliq imtiyozlari berilishi ma’lum qilingandi. Bunday xodimlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi pasaytiriladi, tadbirkorlarga esa 500 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi.

May oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan nogironligi bo‘lganlarni ishga olgan tadbirkorlarning ayrim xarajatlari qoplab berilishi belgilandi.