Forbes 2024-yilda eng yuqori dividend olgan rossiyalik milliarderlar reytingini e’lon qildi.

Ro‘yxatda birinchi o‘rinni eng katta to‘lovlar bilan Severstal kompaniyasining nazorat qiluvchi aksiyadori Aleksey Mordashov (va uning oilasi) qo‘lga kiritdi. 2024-yilda dividendlar miqdori 201,8 mlrd rublni tashkil qilgan. Dividendlarning asosiy manbasi Severstal kon-metallurgiya kompaniyasi edi.

Ikkinchi o‘rinda Lukoyl neft kompaniyasi asoschisi Vagit Alekperov turibdi. U 201 mlrd rubl miqdorida dividend oldi. Barcha daromad LUKOYL neft-gaz kompaniyasidan olingan.

NLMK direktorlar kengashi raisi Vladimir Lisin 151,8 mlrd rubl dividend daromadi bilan uchlikni yakunladi. Mablag‘lar asosan NLMK metallurgiya va Voljskoe sudoxodstvo kemachilik kompaniyalaridan kelib tushgan.

To‘rtinchi o‘rinni Novatek gaz kompaniyasi boshqaruvi raisi va Sibur neft-gaz-kimyo kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Leonid Mixelson (va uning oilasi) egalladi. 2024-yilda dividendlar miqdori 104 mlrd rublni tashkil etdi. Dividendlarning asosiy manbalari ikkala kompaniya bo‘ldi.

Beshinchi o‘rinda metallurgiya, tog‘-kon sanoati, telekommunikatsiya va texnologiyalar sohasidagi aktivlarni, jumladan, Metalloinvest va MegaFon operatorini boshqaradigan USM xoldingining asoschisi Alisher Usmonov turadi. 2024-yilda uning dividendlari miqdori 96,2 mlrd rublni tashkil etdi. Dividendlarning asosiy manbalari u egalik qiluvchi kompaniyalar hisoblanadi.


Avvalroq Bloomberg Alisher Usmonov yil boshidan buyon qariyb $4 mlrdga boyigani haqida xabar bergandi.

Rossiyalik milliarderlar orasida daromadning eng katta o‘sishini Alisher Usmonov ko‘rsatdi. USM xoldingi asoschisining boyligi $3,64 mlrdga ko‘paydi.

Shuningdek, dunyoning eng boy 500 odami umumiy boyligi $304 mlrdga ko‘paygani haqida ma’lum qilindi.

Donald Trampning bir qator mamlakatlarga nisbatan bojlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi qaroridan keyin eng katta bir kunlik o‘sish kuzatildi.