Soliq qo‘mitasi Lactalis’ga nisbatan Soliq kodeksining 2271-moddasi bo‘yicha 5,4 mlrd so‘mlik jarimani bekor qildi. Bu haqda 5-iyul kuni Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qildi.
Qo‘mita matbuot xizmatining qayd etishicha, 27-iyun kuni Lactalis Central Asia XK vakili soliq auditi natijasida aniqlangan 1,5 mln so‘mlik kamomad uchun Soliq kodeksining 2271-moddasiga asosan 5,4 mlrd so‘m jarima qo‘llanilishiga e’tiroz bildirgan.
“Mazkur holat nazoratga olinib, xizmat o‘rganishi tayinlandi. O‘rganishda korxona tomonidan majburiy markirovkalash talablari buzilishi holatlari Soliq kodeksi talablariga asoslangan holda isbotlanmasdan, markirovkalash qoidalariga rioya qilinmaganligi uchun jarima noto‘g‘ri qo‘llanilganligi aniqlangan”, — deyiladi xabarda.
Mazkur holat Soliq qo‘mitasida hududiy soliq organlari rahbari ishtirokidagi kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida tanqidiy muhokama qilindi. Yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartarf etish bo‘yicha tegishli tashkiliy choralar ko‘rildi.
Shuningdek, soliq nazorati tadbirlarini tashkil etish, moliyaviy jarimalarni qo‘llashda tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olingan.
Lactalis 1,5 mln so‘mlik qadoqlangan suv yetishmovchiligi uchun 5,3 mlrd so‘m jarimaga tortildi. Soliq kodeksining 2271-moddasi bo‘yicha jarima yillik aylanmasi qariyb 1 trln so‘mni tashkil etuvchi kompaniya choraklik sof tushumining 2%ini tashkil etdi. “Investor hayratda qoldi deyish — hech narsa demaslikdir”, — dedi xorijiy kompaniya vakili Doniyor Najimitdinov.
“Soliqchilar bizga agar 1 so‘m kamomad bo‘lsa, seni choraklik sof tushumning 2%i miqdorida jarimaga tortamiz, deyishdi. Qandaydir 10 ta shisha uchun hozir biz choraklik sof tushumning 2%i miqdorida jarimaga tortilayapmiz”, — dedi u.
Soliq qo‘mitasi rahbari Sherzod Qudbiyev Lactalis’ga 1,5 mln so‘mlik suv yetishmovchiligi uchun raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik bo‘yicha ayblov qo‘yish noto‘g‘ri ekanini aytdi. U qo‘l ostidagilariga hbu holatni alohida ko‘rib chiqishni va Lactalis’ga qarshi akt tuzgan inspektorni chaqirishni buyurdi. “Bu hech qanday qolibga sig‘maydi”, — deya ta’kidladi u.
227−1 qanday modda?
227−1-modda Soliq kodeksining yangi tahririga 2022-yilning 11-martida kiritilgan va tasdiqlanganidan keyin uch oy o‘tib, 13-iyundan kuchga kirdi.
Mazkur moddada quyidagi talablar ko‘rib chiqiladi:
- fiskal belgilarni aks ettirish yoki avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash;
- soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyani ta’minlash;
- ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish.
Ushbu talablarning buzilishi oxirgi chorakda olingan sof tushumga teng miqdordagi jarimaga olib keladi.
Bugungi kunda alkogol va tamaki mahsulotlari, pivo, suv va ichimliklar, dori-darmon, maishiy texnika, 2024-yilning 1-aprelidan esa gazlangan ichimliklar majburiy markirovka qilinishi shart. Mazkur me’yorlar umumiy ovqatlanish sektori, chakana va ulgurji savdo hamda ishlab chiqaruvchilarga taalluqli.
2023-yil oxirida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Olimjon Fayziboyev 227−1-moddasiga asosan 400 mlrd so‘mlik jarimalarni hisobdan chiqarish (amnistiya)ni hamda jarima miqdorini qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi.
2024-yilning fevral oyida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Soliq kodeksining 227−1-moddasi bo‘yicha to‘liq masala hukumat darajasida yechilganini, yaxshi xabarlar bo‘lishini qayd etdi.
Undan keyin prezidentning tegishli farmoni bilan mazkur modda bilan tadbirkorlarga qo‘llanilgan jarima miqdorining 98%i hisobdan chiqarildi. O‘tgan davrda 1,5 ming nafar tadbirkorga 700 mlrd so‘mga yaqin jarima qo‘llanilgan.
O‘tgan yilning may oyida prezident Soliq kodeksining 227−1-moddasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Birinchi fiskal huquqbuzarlik uchun jarima realizatsiya amalga oshirilgan chorakdagi tushumning 2%ini tashkil etadi. Agar qoidabuzarlik bir yil ichida takrorlansa, u choraklik tushumning 20%igacha oshadi.
2026-yildan majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holatlari bo‘yicha masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda huquqbuzarliklar soliq organlarining axborot tizimi orqali aniqlanadi.
Tekshiruv uchun maxsus guvohnoma talab etilmaydi hamda qoidabuzarliklar aniqlansa, bartaraf etish bo‘yicha ogohlantirish beriladi. Ikkinchi marta ogohlantirish berilgandan so‘ng qoidabuzarlik yana sodir etilganda esa, jarima qo‘llanadi.
Jarima miqdori quyidagicha:
- bir oy davomida birinchi marta — sof tushumning 0,2%i;
- bir yil ichida ikkinchi marta — sof tushumning 0,4%i;
- bir yil ichida uchinchi marta — sof tushumning 1%i;
- bir yil ichida to‘rtinchi marta va undan keyingi holatlar — sof tushumning 2%i.
Avvalroq 2-iyuldan agregatorlar o‘zini o‘zi band qilgan taksi haydovchilari va kuryerlar uchun soliq to‘lashni boshlagani haqida xabar berilgandi. Kompaniyalar yillik daromadi 100 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslardan to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlarni ushlab qoladi va Soliq qo‘mitasiga yo‘naltiradi.