Soliq kodeksining 227/1-moddasida nazarda tutilgan jarima miqdorini 50 barobarga kamaytirish rejalashtirilgan. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov 13-fevral kuni umumiy ovqatlanish va savdo korxonalari vakillari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

“227/1-moddasi bo‘yicha to‘liq masala hukumat darajasida yechildi deb bemalol ayta olishimiz mumkin. Bir-ikki kunda yaxshi xabarlar bo‘ladi. Ya’ni hukumat darajasida ko‘rib chiqilgan 227/1-moddasida jarimalar to‘g‘risida masalalar bor edi. Bu yerda o‘tirgan ayrim tadbirkorlarimiz jarimaga tushishgan. Sizlarga bir narsani e’lon qilmoqchiman: 100%lik jarima 2%gacha tushirildi”, — dedi u.

Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati 227/1-moddasidagi jarima miqdori 50 barobarga kamaytirilishini “Spot"ga tasdiqladi. Oldin bu choraklik sof daromadni tashkil etgan bo‘lsa, endi jarima mazkur summaning 2%ini tashkil qiladi.

O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida palatada tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Olimjon Fayziboyev 227/1-moddasiga asosan 400 mlrd so‘mlik jarimalarni hisobdan chiqarishni hamda jarima miqdorini qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasi ishlab chiqilganini bildirgandi.

227/1 qanday modda?

Mazkur moddada quyidagi talablar ko‘rib chiqiladi:

  • fiskal belgilar yoki avtomatlashtirilgan o‘lchash asboblari bilan jihozlarni ko‘rsatish;
  • soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyani ta’minlash;
  • ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya qilish yo‘li bilan majburiy raqamli markalash qoidalarini buzish.

Ushbu talablarning buzilishi oxirgi chorakda olingan sof daromadga teng jarimaga olib keladi.

227/1-modda Soliq kodeksining yangi tahririga 2022-yilning 11-martida kiritilgan va tasdiqlanganidan keyin uch oy o‘tib, 13-iyundan kuchga kirdi. Soliq qo‘mitasining “Spot"ga xabar berishicha, o‘tgan yili mazkur modda bo‘yicha 254ta, joriy yilda esa 1083ta korxona jarimaga tortilgan.

Bugungi kunda alkogol va tamaki mahsulotlari, pivo, suv va ichimliklar, dori-darmon, maishiy texnika, 2024-yilning 1-aprelidan esa gazlangan ichimliklar majburiy markirovka qilinishi shart. Mazkur me’yorlar umumiy ovqatlanish sektoriga, chakana va ulgurji savdoga, shuningdek, ishlab chiqaruvchilarga taalluqli.

227/1-moddani buzgan tadbirkorlarni jinoiy javobgarlikka tortish amaliyoti “Spot” suhbatlashgan prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoat kengashi a’zolari va soliq maslahatchilarining tanqidiga sabab bo‘ldi.