Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi Rossiyaning Transmashxolding kompaniyasi bilan hamkorlikda temir yo‘l va metro harakat tarkibini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishni boshladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining joriy yilning yanvar-may oylarida xizmatlar sohasida bajarilgan ishlar yuzasidan hisobotida keltirilgan.
Vazirlik O‘zbekiston temir yo‘llarining zavoddagi ulushi Rossiya kompaniyalari ta’sischiligidagi Transport Engineering Center kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga berilganini ma’lum qildi.
Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodining kuzatuv kengashi tarkibiga Rossiyaning Transmashxolding kompaniyasi top-menejerlari kiradi.
KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, Transport Engineering Center ta’sischilari VTR Holdings Limited xususiy kompaniyasi (87%) va Vektor texnologicheskix resheniy (Вектор технологических решений, 13%) hisoblanadi. Birinchi kompaniya Ostonada, ikkinchisi esa Moskvada ro‘yxatdan o‘tgan.
Rossiya yuridik shaxslarining yagona davlat reyestridan ko‘chirmaga ko‘ra, Vektor texnologicheskix resheniy’ning yagona ta’sischisi Lebedev Aleksey Aleksandrovich hisoblanadi. Lebedev 2011-yildan 2017-yilgacha RJD tortish direksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan, deb yozadi RBK.
Joriy yilning aprel oyida avval O‘zbekiston temir yo‘llari'ga tegishli bo‘lgan Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi ustav fondidagi 90,02% ulush Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilgani, agentlik esa uni 2025-yil 22-yanvardagi shartnomaga muvofiq Transport Engineering Center ishonchli boshqaruviga bergani ma’lum bo‘ldi. Bitim haqida jamoatchilikka xabar berilmagan.
Zavodning yangi kuzatuv kengashi tarkibiga Rossiya fuqarolari bo‘lgan Transport Engineering Center’ning besh nafar vakili kirdi. Ularning ba’zilari Rossiyaning Transmashxolding (TMX) mashinasozlik guruhiga aloqador bo‘lib, u temir yo‘l va shahar temir yo‘l transporti uchun harakatlanuvchi tarkib ishlab chiqaradi.
Masalan, Aleksandr Chebakov TMX (asosiy kompaniya) boshqaruv kengashi a’zosi, Aleksandr Loshmanov — TMX — Yo‘lovchi transporti bosh direktori, Yegor Gulyayev — TMX Investitsiya bosh direktori, Kirill Lachugin — Integratsiyalashgan vagonsozlik kompaniyasi (Transmashxolding sho‘ba korxonasi) rahbaridir.
2024-yilning mart oyida prezident Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodiga tashrif buyurib, elektr poyezdlar tarmog‘ini kengaytirish, alohida generatsiya quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar bergandi. Bundan tashqari, kon-metalurgiya korxonalari uchun maxsus vagonlar qurish, keng kupeli yangi turlarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgandi.
Avvalroq Spot sud Farg‘onada elektropoyezdlar uchun yo‘lovchilarga 1,3 mlrd so‘m ortiqcha to‘lovni qaytarishga majburlagani haqida yozgandi.