Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan Sergeli City turar-joy majmuasining qurilishi to‘xtatildi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Quyi Chirchiq tumanining Surum mahallasida qurilayotgan ushbu ko‘p qavatli turar joy binosining holati hamda loyiha hujjatlari Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan o‘rganildi.
Natijada, Sergeli City turar-joy majmuasining ayrim bloklari davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, belgilangan hujjatlarsiz va davlat nazoratisiz barpo etilayotgani aniqlandi.
Monitoring jarayonida boshqa bloklarda ham ishchilar xavfsizligi ta’minlanmagani hamda yuk ko‘taruvchi beton yuzalarda g‘ovaklar mavjudligi kuzatildi. Binoning fundament qismiga drenaj tizimini o‘rnatish belgilanganiga qaramay, ishlar amalga oshirilmagan hamda obyektning ostida suv to‘planib qolgan.
Shunda kelib chiqib, majmua bloklaridagi barcha qurilish ishlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgunga qadar to‘xtatildi. Inspeksiya xodimlari develeoperga sifatsiz bajarilgan qismlarning buzilishi, ishchilar xavfsizligini to‘liq ta’minlash hamda hududda drenaj tizimlarini o‘rnatish bo‘yicha belgilangan muddatda bajarilishi shart bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berdi.
2024-yil boshida mamlakatda o‘zboshimchalik bilan va noqonuniy qurilgan obyektlarni tartibga olish bo‘yicha yangi tizim ishga tushirilishi ma’lum qilingandi. Bunda, Qurilish vazirligi, Kadastr agentligi va “O‘zbekkosmos” boshchiligida respublika komissiyasi tuzilishi belgilangandi.
Sentabrga kelib, pala-partish qurilish ko‘payib, aholida e’tirozlar yuzaga kelgani uchun vazirlik va inspeksiya hamda Bosh prokuraturaga byurokratik to‘siqlar va korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini kuchaytirish topshirildi.
Joriy yil boshida qabul qilingan prezident farmoni bilan “eskrou” tizimi ishga tushgunigacha noqonuniy qurilishlarni aniqlash va chora ko‘rish hamda ulushdorlar huquqlari buzilishining oldini olish yuzasidan ishlar kuchaytirilishi belgilandi.
May oyida davlat rahbari yangi qurilishlar sifatiga e’tiborni kuchaytirish va seysmik xavfsizlik sohasidagi me’yoriy hujjatlarni yangilash bo‘yicha topshiriq berdi. Kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish uchun binolar instrumental-texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Iyun oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi hovlilar, yashil hududlar, sport va bolalar maydonchalari qurilish uchun berilayotganini tanqid qildi. Hokimlarning ko‘p qavatli uylarga tutash yerlarni boshqaruv kompaniyalariga berish to‘g‘risidagi qarorlarini o‘rganib, qonunga zid bo‘lganlarini bekor qilish bo‘yicha topshiriq berdi.
Avvalroq Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov eskrou-hisobi iyul oyidan boshlab ishga tushirilishini, raqamli platformani yaratish va sinov loyihaga Rossiyaning DOM.RF kompaniyasi jalb qilinganini ma’lum qilgandi.