5-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan mehmonxona sohasi va auditorlik tashkilotlari vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda mehmonxonalar uchun belgilangan turizm yig‘imini u joylashgan hududidan kelib chiqib o‘rnatish taklif etildi.

Surxondaryodagi Asson mehmonxonasi rahbari Oydin Sharafutdinova QQS bo‘yicha to‘lovlar keshbek sifatida qaytarilayotganini ta’kidladi. Biroq, tadbirkor mehmonxonani rivojlantirish hamda turistlar oqimini oshirish maqsadida 12%lik QQS miqdorini kamaytirish taklifini bildirdi. Chunki boshqa soliqlar miqdori hamda kommunal xarajatlarning yuqoriligi mehmonxonaga sof foydasini ham rivojlanish uchun qayta yo‘naltirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

“Shu bilan birga, turistik yig‘imga ham e’tibor qaratilsa, yaxshi bo‘lardi. Chunki, Toshkentdagi yulduzli yirik mehmonxonalardan ham, Surxondaryodagi kichik budjetga ega mehmonxonalardan ham bir xil miqdorda yig‘im undiriladi. Ulardagi xonalar narxi yuqori, bizda esa nisbatan past, biroq biz bir xil QQS va turizm to‘lovini to‘laymiz. Shuning uchun yig‘im miqdorini hududdan kelib chiqib, differensial tartibda belgilashni taklif qilmoqchiman”, — dedi tadbirkor.

Shuningdek, Sharafutdinova Surxondaryoga turistlar oqimini ko‘paytirishda infratuzilma, ayniqsa transport tizimi dolzarb muammoligini ta’kidladi. U viloyatga aviaqatnovlar borligini, biroq temiryo‘l qatnovlarining sifati va qulayligi pastligini tanqid qildi.

Uning aytishicha, Toshkent-Termiz poyezdi 14 soatga yaqin harakatlanadi va yo‘l davomida ko‘plab stansiyalarda uzoq vaqt to‘xtab turishi, platskart va kupe vagonlarida konditsionerlar ishlamasligi sayohatni arzon narxda amalga oshirmoqchi bo‘lgan sayyohlar uchun noqulayliklar tug‘dirmoqda.

Bundan tashqari, avtomobil orqali sayohat qilayotgan sayyohlar uchun yo‘llarning sifati va hududlarda o‘rnatilgan radarlar sonining ko‘pligi ham muammo ekani aytildi.

2022-yilning avgust oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan mehmonxonalardan turistlarni joylashtirish uchun yig‘imlarni undirishning yangi tartibi tasdiqlangandi. Hozirda mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalari uchun turistik yig‘im miqdori xonalar sonidan kelib chiqib, BHMning 5%idan 15%igachani (18,75 ming — 56,25 ming so‘m) tashkil etadi.

Avvalroq Spot Soliq qo‘mitasi Soliq kodeksining 227−1-moddasi bo‘yicha Lactalis’ning 5,4 mlrd so‘mlik jarimasini bekor qilgani haqida yozgandi.