Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kobul Tursunov raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovga mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazishdagi muammolar yuzasidan senator so‘rovini yubordi. Bu haqda Oliy Majlis yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Unda 2019-yildan buyon mobil qurilmalarni IMEI-kodi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyoti joriy etilgani, 2024-yildan esa ularni O‘zbekistonga olib kirishda majburiy deklaratsiya to‘ldirish talab etilishi ta’kidlangan. Agar deklaratsiya to‘ldirilmasa, qurilmani UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun bojxona qiymatining 30%i miqdorida to‘lov belgilangan.

“So‘nggi paytlarda mazkur jarayondagi muammolar ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, uzimei.uz, my.gov.uz saytlari va BIRDA ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati cheklangani tufayli ayrim hollarda xizmat haqi sun’iy oshirilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, ikkinchi SIM-karta uchun IMEI2-kodini alohida ro‘yxatdan o‘tkazish va buni faqat qurilmani avval ro‘yxatdan o‘tkazgan joyda amalga oshirish talabi fuqarolar uchun qo‘shimcha murakkablik va xarajatlarni yuzaga keltirayotgani qayd etilgan.

Shulardan kelib chiqib, Kobul Tursunov “Parlament nazorati to‘g‘risida"gi qonunning 15-moddasi bilan vazirdan uzimei.uz, Yagona portal hamda BIRDA mobil ilovasidagi texnik muammolarni bartaraf etish, IMEI2-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish va UzIMEI tizimida mavjud byurokratik talablarni yumshatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida 10 kun ichida ma’lumot taqdim etishni so‘radi.

IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish

Hukumatning 2024-yil 28-yanvardan kuchga kirgan 2019-yil 17-sentabrdagi qaroriga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan telefonlarni olib kirishda bojxona to‘lovlari undirilmaydigan tovarlarni olib kirishning cheklangan me’yorlaridan qat’i nazar deklaratsiya to‘ldiriladi.

Fuqarolar va xorijliklar har bir chegarani kesib o‘tishda havo bandargohlari orqali ikkita uyali telefonni bojsiz olib kirishlari mumkin. Shu bilan birga, ularning umumiy qiymati $2000 dan oshmasligi kerak (poyezdda — $1000, avtomobilda $300 gacha). Agar qurilmalarning narxi belgilangan miqdordan oshib ketsa, u holda limitdan ortiqcha summaga 30% miqdorida boj undiriladi.

Noyabr oyi boshida Bojxona qo‘mitasi IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda deklaratsiyalanmagan qurilmalarni aniqlash uchun UzIMEI tizimini integratsiya qilish yakunlangani haqida xabar bergandi. Vazirlik telefonlarni olib kirishda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda talab qilinadigan deklaratsiyani to‘ldirishga va bepul olib kirish miqdoridan oshib ketgan qurilmalarni yashirmaslikka chaqirdi.

“Agar UzIMEI tizimida olib kirilgan telefonning bojxona deklaratsiyasi haqida ma’lumot bo‘lmasa, qurilma qiymatining 30%u miqdorida bojxona to‘lovini to‘lashga to‘g‘ri keladi, shundan so‘ng qurilma ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Ungacha telefondan foydalanib bo‘lmaydi”, — deyiladi qo‘mita xabarida.

Bundan tashqari, vazirlik telefonlarni bozorlar, savdo nuqtalari yoki onlayn do‘konlardan sotib olayotganda UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tganligini tekshirishni tavsiya qildi. Agar qurilma ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lsa, xaridorlar bojxona to‘lovlarini mustaqil ravishda to‘lashga majbur bo‘ladilar. Savollar yuzaga kelganda 1108 raqamiga murojaat qilish mumkin.

Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi Spot so‘roviga javoban fuqarolar telefonlarni olib kirishda bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish uchun qizil yo‘lakdan o‘tishlari kerakligini tushuntirdi. Agar qurilma deklaratsiya qilinmasa, uni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazib bo‘lmaydi. U holda bojxona organlariga murojaat qilib, boj to‘lovlarini amalga oshirish lozim.

Avvalroq O‘zbekistonda pullik davlat xizmatlari bank va to‘lov ilovalariga integratsiya qilinishi haqida xabar berilgandi. Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov IT-xizmatlar eksporti 2025-yilda rejalashtirilgan muddatdan uch yil oldin $1 mlrddan oshishi kutilayotganini qayd etdi.