DXX va IIV tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida Toshkent shahrining Uchtepa tumani, Farhod ko‘chasida joylashgan “Avtomobil ehtiyot qismlari” bozoridagi 12 nafar shaxsdan tashkil topgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, jinoiy guruh a’zolari mijozning avtotransport vositasiga uning ruxsatisiz va oldindan kelishmagan holda turli jihozlar o‘rnatib, texnik xizmat ko‘rsatishgan.

Shundan so‘ng, ushbu xizmat bozor narxida $600 bo‘lishiga qaramay, fuqarodan tovlamachilik yo‘li bilan $13 300 undirishgan. Mazkur mablag‘ga e’tiroz bildirib, o‘z haqqini talab qilgan mijozga zo‘ravonlar qo‘rqitish yo‘li bilan tahdid qilgan.

Bu kabi yana bir holatda jinoiy guruh a’zolari boshqa bir fuqaroning avtomashinasiga uning roziligisiz turli ehtiyot qismlarni o‘rnatib, undan 3 barobar qimmat narxda pul talab qilishadi. Aniqlanishicha, ular avtomashina kalitini fuqarodan olib qo‘yib, tazyiq o‘tkazish orqali undan 15 mln so‘m undirishgan.

Qonunbuzarlar yana 2 nafar fuqaroning avtomashinasini qo‘shimcha ehtiyot qismlar bilan jihozlash uchun ulardan jami 70 mln so‘m miqdorida pul olib, va’da qilingan ishni bajarishmagan.

Qayd etilishicha, jinoiy guruh a’zolarining ko‘pchiligi 1988−2002 yillar oralig‘ida Toshkent shahri, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tug‘ilgan, ularning aksariyati muqaddam sudlangan shaxslar hisoblanadi.

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 165 (tovlamachilik) va 168 (firibgarlik) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Tergov doirasida guruh a’zolarining boshqa jinoiy harakatlariga va ulardan jabr ko‘rgan fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Avvalroq IIV avtomobil xaridorlarini 50 mlrd so‘mdan ortiqqa chuv tushurgan firibgarlarni qo‘lga olgani haqida xabar berilgandi. Ish bo‘yicha 843 nafar jabrlanuvchi bor. IIV boshqa jabrlanganlarni tergov bo‘yicha tezkor shtabga murojaat qilishga chaqiradi.