O‘zbekistonda avariyalarni kamaytirish bo‘yicha Xavfsiz yo‘l milliy dasturi amalga oshiriladi. Bu haqda 9-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligini qayd etdi. Mamlakatda yo‘l-transport hodisalari oqibatidagi zarar yalpi ichki mahsulotga nisbatan o‘rtacha 0,4 foizni tashkil qilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

O‘tgan yili 9 364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, ular natijasida 9 ming fuqaro jarohat olgan, 2 203 nafar odam esa halok bo‘lgan. Eng ko‘p o‘lim holatlari Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida kuzatilgan.

Joriy yilning olti oyida 20 ta hududda avariyalar soni yuqoriligicha qolmoqda. Mo‘ynoq, Nukus, Taxtako‘pir, Qonliko‘l, Yangiobod, To‘raqo‘rg‘on, Oqqo‘rg‘on, Sayxunobod, Buloqboshi, Ulug‘nor, Bandixon tumanlari va Ohangaron, Shirin, Nurafshon, Xonobod shaharlarida vaziyat yaxshilanib, birorta o‘lim bo‘lmadi.

Lekin Qiziltepa, Uychi, Paxtachi, Chust, Toyloq, Urgut, Shovot, Pastdarg‘om, Yakkabog‘, Qo‘shko‘pir, Xonqa, Denov, Peshku, Beruniy, Olmazor, Bektemir tumanlarida teskari vaziyat.

Soha uchun mas’ullarga mamlakatda har 100 ming aholiga o‘lim bilan bog‘liq avariyalar soni MDH davlatlari ichida eng pastligi xotirjamlikka berilish uchun sabab emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

“Qayerda hokim va YHXX birgalikda yo‘l infratuzilmasi bilan jiddiy shug‘ullansa, o‘sha yerda o‘zgarish kuzatilmoqda”, — dedi prezident.

Misol uchun, Chustdan o‘tgan D-105 Farg‘ona halqa yo‘lining 6 kilometriga muhofaza to‘siqlari o‘rnatilgani uchun bu yil o‘lim bilan bog‘liq avariya bo‘lmadi. Ilgari bu yo‘lda yiliga 10 nafar odam vafot etardi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, xalqaro va davlat ahamiyatidagi yo‘llar holati o‘rganilib, 1 557 km yo‘llarda beton va temir to‘siqlar, 967 kilometr trotuar, 38 mingta yo‘l belgisi yetishmasligi aniqlandi.

Davlat rahbari yo‘l infratuzilmasini yaxshilash orqali avariyalarni kamaytirish bo‘yicha “Xavfsiz yo‘l” milliy dasturi boshlanishini e’lon qildi.

Uning doirasida “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi faoliyati qayta tashkil qilinib, hukumat bo‘ysunuviga o‘tkaziladi. Har bir viloyatda jamg‘armaning alohida filiallari bo‘ladi.

2025-yil jamg‘armaga barcha manbalar hisobidan 400 mlrd so‘m tushishi prognoz qilingan. Bunga qo‘shimcha, foto-video radardan budjetga tushadigan jarimaning 25%i ham jamg‘arma va uning filiallariga yo‘naltiriladi.

YHXX tizimidagi yo‘l belgilari va svetofor o‘rnatish, yo‘l chiziqlarini chizishga mas’ul korxonalar ham viloyatga o‘tkaziladi. Jamg‘armaning faoliyati shaffof bo‘ladi, unga viloyat YHXB va yo‘l boshqarmasi boshliqlari, jamoatchilik vakillari kiradi.

Bundan buyon ushbu jamg‘arma mablag‘lari birinchi galda avariya o‘choqlari bo‘lgan xavfli uchastkalarni tartibga solishga yo‘naltiriladi: yo‘lni ajratuvchi to‘siqlar, yo‘l belgilari, yoritgichlar o‘rnatish, piyoda yo‘laklari tashkil qilish, chorrahalarni raqamlashtirish.

Avvalroq Toshkentda yo‘l harakati xavfsizligini boshqaruvchi raqamli markaz ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi. Kompyuterlashtirilgan vaziyatlar markazi sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar yordamida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va tirbandliklarni prognoz qilib boradi.