Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

O‘tgan yilda haydovchilar 24 mlnta huquqbuzarlik sodir etgan, uning 81%i qo‘pol qoidabuzarlikka kiradi. Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida bu surunkali tus olgan.

“Ijtimoiy tarmoqlarda aholi, hatto taniqli shaxslar o‘rtasida „jarimani to‘lab qo‘ydim-ku, xohlaganimdek yuraveraman“, deyish avj olgan. Endilikda yo‘llarda haydovchilik madaniyatini oshirish, ashaddiy huquqbuzarlarga qonun kuchini ko‘rsatish maqsadida yangi tizim qilamiz”, — dedi prezident.

Buning uchun “Surunkali qoidabuzarlar” dasturi ishga tushiriladi.

Qarama-qarshi harakatlanish, chiroqning qizil rangida o‘tish bir oy ichida 2 marta sodir etilsa yoki tezlik 5 marta oshirilsa — 1 yilgacha jarimadan chegirma berilmaydi. Bunday huquqbuzarliklar bir oy ichida 10 tadan ko‘p bo‘lsa — 6 oygacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi.

Shuningdek, tezlik uchun jarimalarni qayta ko‘rib chiqib, me’yordan 2−3 karra tez yurganlarni haydovchilik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda qoidabuzarlik uchun ayrim YHXBlar oradan 7−8 oy o‘tib jarima qo‘llash qarorini chiqarayotgani bo‘yicha e’tirozlar ko‘pligi ta’kidlandi.

Endilikda qoidabuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir oyda qarori chiqmasa, haydovchi hech qanday jarima to‘lamasligi belgilandi.

Zamonaviy yo‘llar qurilayotgani, yuqori xavfsizlik moslamalari mavjud mashinalar soni ham kun sayin ko‘payib borayotgani sababli tezlik masalasida yangicha yondashuvlar kerakligi ta’kidlandi.

Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovga viloyat hokimlari bilan tezlik cheklovlarini qayta ko‘rib chiqish mumkin bo‘lgan yo‘l uchastkalari ro‘yxatini shakllantirish topshirildi.

Joriy yilning may oyida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbari topshirig‘i bilan ma’muriy jazolar tizimiga yangi — “ma'muriy ogohlantirish” ta’sir chorasini kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi. Bunda birinchi marta sodir etilgan yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun bir yilda faqat bir marta ogohlantirish berilishi belgilanmoqda.