Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Jamoat transportini qulay va xavfsiz qilish bo‘yicha hududlarda yaxshi innovatsion tajribalar boshlangan. Masalan, Toshkent shahrida 200 km yo‘l, 4 ta ko‘prikni ta’mirlash uchun $Xitoydan 300 mln investitsiya jalb qilinmoqda.

Shuningdek, poytaxtdagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida “Intellektual transport” axborot tizimi ishga tushadi. Tizimga Toshkentdagi 700 dan ziyod chorraha va ulardagi barcha svetofor, foto va videokuzatuv moslamalari ulanadi.

Transport oqimiga qarab svetoforlarni masofadan boshqarish hisobiga tirbandliklar 25−30% ga kamayishi mumkin.

Prezident ayrim vazirlik va idoralar, hokimliklarning ma’muriy binosi joylashgan ko‘chalar yopib qo‘yilganidan, tirband ko‘chalarda ularning xodimlari yo‘lni 2−3 qatorini “parkovka” qilib olganidan aholi norozi ekanligiga e’tibor qaratdi.

Davlat rahbari topshirig‘iga ko‘ra, 15 ming nafar haydovchilar o‘rtasida so‘rov o‘tkazilib, poytaxtda ham, yirik shaharlarda ham qonuniy “parkovkalar” yetishmagani uchun ular mashinasini yo‘l bo‘yiga qo‘yishga majburligini bildirgan.

“Umuman, oddiy haydovchilar dardini eshitadigan odam, muloqot platformasi yo‘q”, — dedi prezident.

Mutasaddilarga barcha tashkilot va mahallalardagi asossiz qo‘yilgan taqiqlovchi belgilarni olib tashlash topshirildi. Vazirlik va idoralar xodimlari aholiga noqulaylik yaratib, “parkovka” qilib olgan hududlarda foto va video kameralar o‘rnatib, jazo muqarrarligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Davlat xizmatchilari jamoat transportida yurish bo‘yicha namuna bo‘lishi kerakligi qayd etildi. Endilikda hukumat qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatdan tashqari rahbarlarning xizmat mashinasiga yo‘llarda ustunlik berilmasligi belgilandi.

Avvalroq Toshkentda yo‘l harakati xavfsizligini boshqaruvchi raqamli markaz ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi. Kompyuterlashtirilgan vaziyatlar markazi sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar yordamida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va tirbandliklarni prognoz qilib boradi.