Avvalroq prezident Toshkent va Yangi Toshkent shahri uchun “yechimlar atlasi” taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Bu binolar fasadlarini yagona me’moriy qiyofaga keltirish bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida poytaxt hokimligi Xitoyning China State Construction Engineering Corporation kompaniyasidan $300 mln jalb qilganini qayd etdi. Mablag‘lar Shota Rustaveli ko‘chasini rekonstruksiya qilish, 200 km yo‘l qurish va to‘rtta yo‘l o‘tkazgich qurishga yo‘naltirilgan.

Prezident qurilish sohasidagi qonunchilikka zarur o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha topshiriq berdi. Toshkent shahrida binodan binogacha bo‘lgan yo‘llarni qurish va ta’mirlash rejalashtirilgan.

2024-yil noyabr oyida Toshkent hokimligi va Xitoyning China State Construction Engineering Corporation qurilish korporatsiyasi qariyb $1 mlrdlik to‘rtta yirik loyiha bo‘yicha kelishuvga erishgandi.

Qiymati $300 mln bo‘lgan birinchi loyiha doirasida Toshkent yo‘l infratuzilmasi rekonstruksiya qilinadi. Yo‘llar va yondosh obyektlarni modernizatsiya qilish, 200 dan ortiq mutaxassis, jumladan, geodezist va transport muhandislarini jalb qilish rejalashtirilgan.

Yaqinda poytaxt hokimligi xitoylik pudratchi 200 km yo‘l infratuzilmasini bosqichma-bosqich rekonstruksiya va modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirayotganini ma’lum qilgandi. Uning dastlabki qiymati — $198 mln.

Avvalroq Xitoy kompaniyasi Toshkentdagi ikkita elektr podstansiyasini modernizatsiya qilayotgani haqida xabar berilgandi.