O‘ztemiryo‘lkonteyner Xitoyning Lanchjou shahrida yuklarni konsolidatsiya qilish punktini tashkil etdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

8-iyul kuni O‘ztemiryo‘lkonteyner boshqaruvi raisi Mirziyod Mirhamidovning Xitoyga tashrifi doirasida Gansu provinsiyasi Savdo departamenti rahbari Chjan Yun bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Unda tomonlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, davlatlararo temiryo‘l tashuvlari hajmini oshirish, tranzit salohiyatini mustahkamlash hamda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha yuk oqimini jalb etish borasidagi qo‘shma sa’y-harakatlarni muhokama qildilar.

Chjan Yun bu yo‘nalishda subsidiya siyosatini uzaytirishga tayyor ekanini bildirib, bu Gansu-Qashgar-Markaziy Osiyo yo‘nalishi bo‘yicha barqaror yuk tashuvlarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Lanchjou erkin iqtisodiy zonasi hududida Gansu International Logistics Group bilan birgalikda O‘ztemiryo‘lkonteyner'ning yuklarni konsolidatsiya qilish punkti ochildi.

Marosim logistika va savdo bo‘yicha Xalqaro forumning navbatdagi sessiyasi doirasida tashkil etildi. Mazkur yig‘ish punkti O‘ztemiryo‘lkonteyner mijozlarining yuklarini birlashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadida kompaniya Xitoyning bir qator logistika korxonalari bilan hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumlarini imzoladi.

Avvalroq O‘zbekiston Xitoyga Qirg‘iziston orqali temir yo‘l qurilishiga mahalliy kompaniyalarni jalb qilishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, tomonlar avtomobil tashuvlari uchun ruxsatnomalar blankalarini elektron almashuvga o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqmoqda.