Avvalroq prezident O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmaganlarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunni imzolangani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan 2011-yilning 14-sentabrida qabul qilingan “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida"gi qonun bekor qilinmoqda.
Gazeta’ning yozishicha, amaldagi qonunni bekor qilish prezidentning 2023-yil 8-maydagi farmoni bilan ko‘zda tutilgan, chunki amaldagi tartib yangilangan Konstitutsiyaning 32-moddasida nazarda tutilgan fuqarolarning mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, shuningdek, yashash va bo‘lib turish joyini tanlash huquqlarini cheklaydi.
Amaldagi qonunga ko‘ra, faqat 12 toifadagi fuqarolar (uy-joy mulkdorlari, qarindoshlar, vasiylikdagi va tarbiyalash uchun oilaga qabul qilingan bolalar, ota-onasi bo‘lmagan voyaga yetmagan qondosh aka-uka va opa-singillar, parlament, prezident, Vazirlar mahkamasi tomonidan yoki ular bilan kelishilgan holda saylangan, tayinlangan, tasdiqlanadigan fuqarolar, shuningdek, ularning oila a’zolari va boshqa shaxslar) doimiy propiska qilinishi kerak.
Endi bu ro‘yxat bekor qilindi — har qanday fuqaro doimiy propiskadan o‘tishi mumkin. Fuqarolarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishning xabardor qilish tartibini joriy etishga qaratilgan yangi mexanizmlar ham joriy etilmoqda.
Fuqarolarga, shuningdek, doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona portal orqali turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish uchun onlayn murojaat qilish imkoniyati beriladi.
Qonun bilan E-xabar berish tizimi joriy etilmoqda. Yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish uchun murojaat qilgan O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatga olish va hisobini yuritish mazkur tizim orqali amalga oshiriladi.
Fuqarolarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lish muddati 15 ish kunidan 10 ish kuniga qisqartiriladi. Bundan tashqari, fuqarolar va uy-joy mulkdorlarining yashash va turgan joyi bo‘yicha o‘z vaqtida ro‘yxatga olinishi uchun mas’uliyati oshirilmoqda.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgach — 12-oktabrdan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yilning 15-oktabrida qabul qilingan hamda Senat tomonidan joriy yilning 24-yanvarida ma’qullangan.
Avvalroq uch oydan ortiq xorijda bo‘lib qaytganlar majburiy OIV tekshiruvidan o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi. Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Murodbek Mahmudov buning uchun chet eldan qaytgan fuqarolarni elektron tarzda nazorat qilish va ularni tibbiy ko‘rikka yo‘naltirish tizimi joriy etilishini ma’lum qildi.