O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida konteyner tashuvlariga ixtisoslashgan qo‘shma korxona tashkil etildi. Bu haqda O‘ztemiryo‘lkonteyner matbuot xizmati xabar berdi.

UTK International Logistics Co. Ltd qo‘shma korxonasi O‘ztemiryo‘lkonteyner hamda Xinjiang Union of Railway International Logistics Co. Ltd kompaniyasi o‘rtasidagi tashkil etilmoqda.

10-iyul kuni Pekinda Transport vaziri Ilhom Mahkamov, Urumchi shahar xalq hukumati meri o‘rinbosari Xou Yong, O‘zbekiston temir yo‘llari boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev hamda O‘ztemiryo‘lkonteyner boshqaruvi raisi Mirziyod Mirhamidov ishtirokida korxonaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

UTK International Logistics kompaniyasining ofisi Urumchi shahrida joylashib, korxonaning asosiy faoliyati yuklarni konsolidatsiya qilish, Xitoy tomonidan subsidiyalar jalb etish hamda Xitoy-Markaziy Osiyo yo‘nalishi bo‘yicha multimodal tashuvlarni rivojlantirishdan iborat bo‘ladi.

Tashkiliy jarayonlar yakunlangach, kompaniya qisqa fursat ichida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha birinchi konteyner poyezdlarini jo‘natishni boshlaydi.

Tomonlar yangi korxonaning Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi transport-logistika hamkorligini chuqurlashtirishdagi strategik ahamiyatini ta’kidlab, o‘zaro yuk tashuvlarini kengaytirishda muhim o‘rin egallashiga ishonch bildirdi.

O‘ztemiryo‘lkonteyner Xitoyning Lanchjou shahrida yuklarni yig‘ish punktini ochdi. Xitoy hukumati yuklarni Qirg‘iziston va O‘zbekiston orqali tranzit qilish bo‘yicha subsidiyalarni uzaytirishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Avvalroq O‘zbekiston Xitoyga Qirg‘iziston orqali temir yo‘l qurilishiga mahalliy kompaniyalarni jalb qilishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, tomonlar avtomobil tashuvlari uchun ruxsatnomalar blankalarini elektron almashuvga o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqmoqda.