Joriy yilda Taxtaqoracha orqali o‘tadigan pulli tunnel qurilishi bo‘yicha kelishuv imzolanishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 11-iyul kuni “Hukumat soati” davomida deputatning savoliga javob berar ekan, transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident Samarqand va Qashqadaryo viloyatlariga tashrifi chog‘ida Transport vazirligiga Taxtaqoracha dovonida 7 km uzunlikdagi pullik tonnel qurish vazifasini qo‘ygan. Vazirlikga salohiyatli investorni jalb qilib, davlat-xususiy sheriklik asosida pullik yo‘l qurish loyihasini amalga oshirish topshirildi.

“Bugungi kunda uchta kompaniya loyihalashtirish bilan shug‘ullanmoqda. Tunnel qurilishi bir qator qiyinchiliklarga ega. Bu birinchi navbatda geodeziya va geologiya ishlarini amalga oshirish bilan bog‘liq, shuning uchun biroz vaqt kerak bo‘ldi,” — deya tushuntirdi Ilhom Mahkamov.

Transport vazirligi rahbarining aytishicha, xususiy tadbirkorlar bu ishlarni yakunlab, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini taqdim etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Agentlik avgust oyida uchta da’vogar orasidan g‘olibni aniqlaydi va ularning takliflarini O‘zbekiston manfaatlariga muvofiqligini baholaydi.

Vazir joriy yilda ishlarni yakunlab, g‘olibni aniqlashga va u bilan Taxtaqoracha dovonida pullik tonnel qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma tuzishga va’da berdi.

2024-yil avgust oyida prezident 2030-yilgacha davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlarini tasdiqladi. DXShni rivojlantirish dasturiga muvofiq, Taxtaqoracha dovonida pullik tonnel qurilishi rejalashtirilgan. Obyektning qiymati $100 mlnga baholangan.

O‘tgan yil oxirigacha idoralarga potensial strategik hamkorlar bilan muzokaralar olib borish, 2025-yil avgustgacha loyiha konsepsiyasini tasdiqlash, 2026-yil fevralgacha xususiy sherikni tanlash va 2026-yil dekabrgacha DXSh to‘g‘risidagi bitimni imzolash vazifasi yuklangan.

O‘zbekistonda pulli yo‘l

2023-yilning iyulida Toshkent-Samarqand pulli yo‘li bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish borasida Turkiyaning Proyapi Mühendislik ve Müşavirlik A.Ş kompaniyasi jalb qilindi.

Yil yakunida loyiha Avstriyaning ILF Consulting Engineers Austria GmbH kompaniyasi tomonidan ishlab chiqildi. Loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy asos hujjatini ishlab chiqishga YTTB tomonidan 1,5 mln yevro miqdoridagi mablag‘lar ajratilgan.

2023-yil oxirigacha Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li qurilishi boshlanishi kerak edi. O‘shanda loyiha $2,5 mlrdga baholangan. Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev 2024-yilning iyun oyi oxirigacha bu pullik yo‘lning TIA ishlari yakunlanishini, uning qiymati $4,65 mlrdni tashkil etishini ma’lum qilgandi.

O‘tgan yilning avgust oyida qabul qilingan prezident qarori bilan Toshkent-Samarqand yo‘li qurilishini 2024-yilning dekabrida, Toshkent-Andijon yo‘lini esa 2026-yilda boshlash belgilangandi.

Toshkent-Samarqand pulli yo‘lining umumiy uzunligi 305 kmni, qiymati esa $2,2 mlrdni tashkil etadi. Yo‘l Toshkent, Sirdaryo, Jizzax hamda Samarqand viloyatlarini qamrab oladi. Uning boshqaruvi 2028-yilning dekabrigacha DXSh asosida xususiy operatorga beriladi.

314 km uzunlikdagi Toshkent-Andijon yo‘lining 64%i yangidan qurilishi, 36%i esa rekonstruksiya qilinishi kutilmoqda. I-a kategoriyasidagi yo‘l 6 qatordan iborat bo‘lib, uning qurilish muddati 6 yildan ortiqni tashkil etadi.

Oktabr oyida davlat rahbari har ikkala pullik avtomobil yo‘llari loyihalarini tezlashtirishni topshirib, ularni qatnov darajasi yuqori bo‘lgan uchastkalarda qurish zarurligini qayd etgandi.

Avvalroq Meridiam investitsiya kompaniyasi Toshkent-Andijon pullik yo‘li qurilishida ishtirok etishga qiziqish bildirgani haqida xabar berilgandi.