“Toshkent-Samarqand” pullik yo‘lini qurish loyihasini davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish bo‘yicha Transport vaziri Ilhom Mahkamov hamda YeTTB vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Mazkur pullik yo‘l qurish loyihasining texnik iqtisodiy asosini YeTTB tomonidan yollangan Turkiyaning “Proyapı Mühendislik ve Müşavirlik” kompaniyasi ishlab chiqmoqda.

Buning uchun $1,5 mln miqdoridagi grant mablag‘lari yo‘naltirilgan.

Tomonlar loyihaning texnik iqtisodiy asosini ishlab chiqishni jadallashtirish hamda xususiy sherikni aniqlash bo‘yicha tender jarayonlarini tashkillashtirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishdi.

Mazkur pullik yo‘l qurilishi 2026-yilgacha amalga oshirilishi belgilangan 5 ta loyihadan bittasi hisoblanadi.

2019-yilning fevralida pullik yo‘llar to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilgani ma’lum qilindi. Mart oyida esa qonun loyihasi muhokamaga qo‘yiladi.

O‘sha yili, aprel oyida prezident Turkiya konsorsiumi ishtirokida Toshkentdan Samarqandgacha bo‘lgan pullik avtomobil yo‘lini qurishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

YeTTB iyun oyida ish boshlashni tezlashtirishni taklif qilgan, biroq sayohat narxi yuqoriligi sababli u kechiktirilgan.

2021-yilning bahorida DXShni rivojlantirish agentligi Toshkentdan Samarqand va Andijonga yo‘lovchi avtomobillari uchun pullik avtomobil yo‘llaridan o‘tish $5−6 ga tushishini ma’lum qilgandi. Maksimal tezlik soatiga 120−150 km bo‘lishi ta’kidlangan.