Soliq qo‘mitasi majburiy markirovka qilinishi kerak bo‘lgan ichimliklarni quyib sotganlik uchun sanksiya qo‘llamaydi. Bu haqda 14-iyul kuni umumiy ovqatlanish va chakana savdo vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda qo‘mita raisi Sherzod Kudbiyev ma’lum qildi.
O‘zbekistonda markirovkalangan suv, salqin ichimliklar yoki alkogolli mahsulotlarning qisman sotuvga chiqarilishi (quyib sotish) ni to‘g‘ri hisobga olish imkonini beruvchi tasdiqlangan texnik yechim yoki reglament mavjud emas. Shu sababli, hozirda tadbirkorlarga noto‘g‘ri quyib sotish uchun jazo choralari qo‘llanilmaydi.
“Siz butilkani olib, uni ochib, 50−100 gramm quysangiz, soliq inspektori kelib, „50 gramm viskini markirovkasiz sotibsan“ deb sizga jazo qo‘llamaydi, Agar butilkaning o‘zi markirovkalangan bo‘lsa. [Lekin] agar markirovkalanmagan shishadan quyayotgan bo‘lsangiz, bu allaqachon juda katta xato bo‘lib hisoblanadi”, — dedi Kudbiyev.
Bu, birinchi navbatda, umumiy ovqatlanish, restoran va mehmonxona sohasidagi korxonalarga taalluqlidir, chunki ular faoliyatining xususiyati bo‘yicha suv, salqin ichimliklar va alkogolning zavod qadoqlarini ochib, keyinchalik sotishga chiqaradilar. Tegishli reglament qabul qilinmaguncha soliq organlari ularni jazolashga haqli emas, deya ta’kidladi qo‘mita raisi.
Shu bilan birga, Sherzod Kudbiyev markirovkalanmagan alkogolli mahsulotlar, suv va salqin ichimliklarni realizatsiya qilish Soliq kodeksining 227−1-moddasiga asosan huquqbuzarlik hisoblanishini eslatib, markirovkasiz spirtli ichimliklarni sotganlik uchun jazo muqarrar ekanligini qo‘shimcha qildi.
Soliq qo‘mitasi tomonidan markirovkalangan mahsulotlarni donalab yoki quyib sotishni “to‘g‘ri va biznes uchun qulay tarzda tashkil etish"ga qaratilgan texnik yechim ishlab chiqilmoqda. Yaqin vaqt ichida biznes vakillari bilan kelishilgan reglament amaliyotga joriy etiladi.
Avvalroq ichimliklar va suv agregatsiyasini ishga tushirish muddati 2026-yilning aprel oyiga ko‘chirilgani haqida xabar berilgandi.