Yaqinda xususiylashtirilgan International Hotel Tashkent mehmonxonasi Rossiyaning Azimut Hotels mehmonxonalar tarmog‘i boshqaruviga o‘tkaziladi. Bu haqda kompaniya vakiliga tayanib, Vedomosti nashri xabar berdi.
Mazkur mehmonxona endilikda Azimut Grand Hotel Tashkent nomi bilan faoliyat yuritadi. Bu Azimut’ning Markaziy Osiyodagi birinchi besh yulduzli mehmonxonasi va O‘zbekistondagi ikkinchi loyihasi bo‘ladi.
2024-yil iyul oyida Azimut Hotels Toshkentda to‘rt yulduzli mehmonxona ochgandi. Obyekt 3,3 ming kv.metr maydonni egallaydi va turli toifadagi 50 ta xonani, avtoturargohni, 100 o‘rinli restoranni, fitnes-klub va konferensiya zalini o‘z ichiga oladi. U Azimut Hotels tomonidan boshqariladi. Biroq bu mehmonxona kompaniya mulki ekanligini anglatmaydi.
Noyabr oyida Davaktiv agentligi International Hotel Tashkent mehmonxonasini xususiylashtirish yakunlanganini ma’lum qildi. O‘tkazilgan savdolarda jami 4 ta talabgor ishtirok etib, shundan 3 nafari yakuniy bosqichga chiqqandi. Natijada esa $26 mln taklif bilan Smart Fast Stroy kompaniyasi savdo g‘olibi deb topildi.
Bundan tashqari, investor mehmonxonaning 14,7 mln yevrolik kredit qarzdorligini qabul qilgan, Bitim doirasida $41 mlndan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.
KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, Smart Fast Stroy 2023-yilning avgust oyida tashkil etilgan. Kompaniyaning ustav fondi 311,86 mlrd so‘mni tashkil etadi. Kompaniya qurilish tashkiloti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va kichik tadbirkorlik subyekti hisoblanadi. Kompaniyaning yagona ta’sischisi — Aleksandr Valerevich Zaxaryan, rahbari — Timur Kabulovich Zakirov.
Avvalroq Toshkent aeroportining uchib ketish zalida yangi kapsulali mehmonxona ochilgani haqida xabar berilgandi.