Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasi prezidenti Emin Agalarov ZBS Podcast’ga bergan intervyusida Chorvoq suv omborida Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurortini qurish loyihasi bilan bog‘liq ekologik xavotirlarga izoh berdi.
Tadbirkorning aytishicha, turistik obyektni joylashtirish uchun “boshqa variantlar” o‘rganilgan. Shavkat Mirziyoyev tabiati va landshafti bilan Emin Agalarovga ma’qul kelgan Chorvoq suv omborini borib ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi. Joylashuv muammosi sifatida u suv omborining to‘liq to‘ldirilmaganligi sababli harakatlanuvchi qirg‘oqni ko‘rsatdi.
Agalarov loyihaning ekologik muammolari haqida gapirar ekan, bugungi kunda developer ekologik me’yorlarni buza olmasligini aytdi. Bokudagi Sea Breeze qurilishi Ekologiya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi va Shaharsozlik qo‘mitasi tomonidan kuzatib borilmoqda.
“Qurilishni boshlaganingda, barcha instansiyalardan o‘tasan — ular tuzatishlar kiritadi, muhrlar qo‘yadi, shundan keyin qurish mumkin. Obyektni foydalanishga topshirish uchun uni qat’iy tasdiqlangan chizmalar, masshtablar va ekologik materiallardan foydalangan holda qurish kerak. Keyin yana tekshiruvlardan o‘tasiz va shundan keyingina xaridorlar uchun hujjatlarni rasmiylashtirishingiz mumkin. Qoidalarni buzsangiz, hujjatlarni rasmiylashtira olmaysiz — demak, to‘lovni ololmaysiz. Bu biznes manfaatlariga zid”, — dedi tadbirkor.
Sea Breeze Uzbekistan loyihasining shaffofligi yetarli emasligi haqidagi savolga Emin Agalarov bugungi kunda tasdiqlangan va kelishilgan loyiha mavjud emasligini aytdi. U Ozarbayjondagi Sea Breeze kabi mahalliy aholi bilan ommaviy tinglovlar o‘tkazishga va’da berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda Chorvoq suv omborida o‘tkazilgan suv tahlili shuni ko‘rsatdiki, “u yerda hamma narsa bugungi kunda bo‘lishi kerak bo‘lganidek yaxshi emas”. Tadbirkorning fikricha, Sea Breeze Uzbekistan loyihasi davlatni infratuzilmaga sarmoya kiritishga undashi mumkin. Buning uchun butun qirg‘oq bo‘ylab oqova suvlarni yig‘ish va tozalash uchun mahalliy aholi ham ulanadigan umumiy halqa kollektorini qurish kerak.
“Tashvishlanayotganlar uchun: Sea Breeze atigi 5−6 km qirg‘oq chizig‘ini egallaydi, Chorvoqda esa — bu yuzlab kilometr. Bu yagona developer, tasdiqlangan bosh reja va aniq belgilangan hududga ega ixcham loyihadir. Bunday loyihani kim va qanday qurayotganini kuzatib bo‘lmaydigan tartibsiz qurilishdan farqli o‘laroq, boshqarish oson. Kanalizatsiya qayerda bo‘ladi? Odatda — yerda: chuqur qaziladi, oqava suvlar tuproqqa singib, suv omboriga tushadi. Mana shunday qurilish haqida tashvishlanishga arziydi. Professional loyihalar bunday xavflarni o‘z ichiga olmaydi”, — dedi Emin Agalarov.
Agalarov Development prezidenti Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovga Sea Breeze Uzbekistan qurilishi bilan Chorvoqdagi suv yaxshilanishiga va’da berdi.
Agalarov Chorvoq suv omboriga dam olish uchun kelgan sayyohlar uchun sharoitlar, jumladan, xonalar fondini yaratishni umummavsumiy kurortning vazifasi deb atadi. U loyiha ekotizimga, jumladan, suv va ko‘kalamzorlashtirishga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligiga ishontirdi.
“Davlat nafaqat 500 gektar maydonni egallagan Sea Breeze uchun, balki men emas, balki boshqa developerlar va xususiy uy egalari tomonidan quriladigan o‘n minglab gektar maydonlar uchun quvvat zaxirasi bilan markazlashtirilgan kanalizatsiyani o‘tkazganidan so‘ng, ularning barchasi ushbu tizimga ulana oladi. Faqat Sea Breeze kabi keng ko‘lamli loyiha davlatni infratuzilmaga sarmoya kiritishga undashi mumkin: kanalizatsiya, yo‘llar, ko‘priklar qurish. Yirik investitsiyalarsiz bu maqsadga muvofiq emas, chunki davlat uchun bunday xarajatlar qoplanmaydi — rivojlanish uchun yanada ustuvor hududlar mavjud”, — deya xulosa qildi u.
Iyun oyida Emin Agalarov Sea Breeze Uzbekistan loyihasi qurilishi bilan bog‘liq ekologik xatarlarga izoh berib, Chorvoqning hozirgi holati saqlanib qolinishini qayd etgandi. “Ekologiya bizning ustuvor vazifamizdir. Hamma joyda tozalash inshootlari bo‘lishi, suvga ortiqcha hech narsa tashlanmasligi kerak. O‘zbekiston aholisi va sayyohlar foydalana oladigan turistik hudud yaratamiz”, — degandi u.
Loyiha doirasida Chorvoqqa “ko‘plab restoran operatorlari"ni jalb qilish rejalashtirilgan. Bu yerda apart-hotel, mehmonxonalar, shuningdek, sotiladigan va ijaraga beriladigan kvartiralar joylashadi.
Sea Breeze Uzbekistan
2024-yilning dekabr oyi oxirida ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov Chorvoq suv ombori bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazini qurish loyihasini prezidentga taqdim etdi.
Loyiha doirasida turizm markazida dam olish, cho‘milish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turar joylar tashkil etiladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Emin Agalarov markazda maktab, akvapark va istirohat bog‘lari bo‘lishini qayd etdi. Bu yerda suv va qishki sport turlari bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratiladi.
Undan keyin prezident ushbu turizm markazining qiymati $7−10 mlrdga baholanganini ma’lum qilgandi. Aprel oyida Emin Agalarov Shavkat Mirziyoyevga Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazining master-rejasini taqdim etdi. Turizm markazini 10 ta kichik hududga bo‘lib qurish ko‘zda tutilmoqda. Ularning har biri piyoda borish mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar maskan va xizmatlarni qamrab oladi.
Emin Agalarov bu qariyb 6,5 mln kv metr maydonni egallovchi yangi shahar bo‘lishi va bosqichma-bosqich bunyod etilishini ma’lum qildi. “Biz harakatlarni tezlashtirib, shu yozda qurilish jarayonlariga faol kirishamiz”, — dedi u.
Iyun oyi boshida Agalarov Development prezidenti xalqaro sayyohlik markazi hududini birinchi marta ko‘zdan kechirdi. Agalarov bo‘lajak sayyohlik markazini aylanib chiqib, bir yil ichida natijani ko‘rsatishga va’da beradi. U birinchi ko‘chmas mulkni namoyish etish uchun mulk egalari, ijaraga beruvchilar va mehmonlarni tashish maqsadida qayiq va paromlar o‘rnatishni taklif qilgan.
“Birinchi bosqichda biz 100 gektarga yaqin maydonni o‘zlashtirishni taklif qilishga qaror qildik. Hozirda bosh rejani ishlab chiqish ishlarini davom ettiryapmiz va u yerda mavjud Sea Breeze [Boku]da bunyod etilgan binolarga o‘xshash inshootlarni qurishni rejalashtirmoqdamiz. Ularni mahalliy me’yorlarga moslashtirish oson. Aynan shu yozning o‘zidayoq qurilishni boshlash mumkin”, — dedi Emin Agalarov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda kanalizatsiya, suv va gaz ta’minoti kabi barcha turdagi kommunikatsiyalarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Loyiha “Chorvoq oromgohi” (Piramida) dam olish maskanidan boshlanadi. Unga qarama-qarshi tomonda maydoni 500 gektar va uzunligi taxminan 5−6 km bo‘lgan sohil joylashadi.
Chorvoq suv omborining qarama-qarshi qirg‘oqlarida joylashgan Sea Breeze Uzbekistan loyihasining ikki qismini bog‘lash uchun 1100 metr uzunlikdagi ko‘prik barpo etiladi. Uning qurilishi bilan esa yaqin vaqt ichida davlat shug‘ullanadi.
E’lon qilingan kadrlarga ko‘ra, Sea Breeze Uzbekistan’ning Yakkatut va Boladala aholi punktlari oralig‘idagi hududni egallagan shimoliy qismida villalar, mehmonxonalar, turar joylar, restoranlar va boshqa obyektlar quriladi.
Turistik markaz loyihasini amalga oshirish uchun tanlangan yer uchastkalarining umumiy maydoni 679 gektardan ortiqni tashkil etadi. Shundan sug‘orilmaydigan yerlar — 480,14 gektar, sug‘oriladigan yerlar — 37,22 gektar va qolgan toifalar 161,7 gektardir.
Iyul oyida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifining birinchi kuni yakunida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hamrohligida Sea Breeze dam olish majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Emin Agalarov Chorvoq suv omborida Sea Breeze Uzbekistan kurort zonasi master-rejasining yangilangan konsepsiyasini taqdim etdi.