Starbucks xodimlari oktabr oyidan boshlab haftasiga to‘rt kun ofisda ishlashga majbur bo‘ladi, deya xabar berdi CNBC nashri.

Qayd etilishicha, 2020-yilda koronavirus pandemiyasi davrida ularga to‘liq masofadan ishlashga ruxsat berilgan.

Starbucks kompaniyasi bosh direktori Brayan Nikkol xodimlarga yo‘llagan maktubida, ofisga qaytishni istamay, ishdan ketishni ma’qul ko‘rgan xodimlar uchun “bir martalik ixtiyoriy ishdan bo‘shatish dasturi"ni e’lon qildi. Ushbu dastur doirasida xodimlarga pul mukofoti taklif etilishi aytilgan.

“Bunday yondashuvga hamma ham rozi bo‘lmasligini tushunamiz. Biz diqqat bilan tingladik va barcha variantlarni o‘ylab ko‘rdik. Ammo insoniy munosabatlarga asoslangan kompaniya sifatida va bo‘lajak o‘zgarishlar ko‘lamini hisobga olgan holda, biz bu Starbucks uchun to‘g‘ri yo‘l deb hisoblaymiz”, — deb yozgan Nikkol e’londa.

Ta’kidlanishicha, Nikkol rahbarligidagi qahvaxonalar tarmog‘i AQShdagi savdo hajmining pasayishini to‘xtatishga urinmoqda.

Uning strategiyasi tarmoq menyusini soddalashtirishga, qahvaxonalardagi xizmat sifatini oshirishga va bir ichimlik uchun xizmat ko‘rsatish vaqtini to‘rt daqiqagacha qisqartirishga qaratilgan.

Dushanba kuni tushdan keyin Starbucks aksiyalari qariyb 2%ga tushib ketdi. Bunga Melius Research kompaniyasining tasdiqlanmagan o‘sishni asos qilib, investorlarga aksiyalarni sotishni tavsiya etgani sabab bo‘ldi. Yil boshidan buyon kompaniya aksiyalari 2%ga ko‘tarilib, uning bozor qiymati $108,7 mlrdga yetgan.

2025-yil may oyida Starbucks Xitoy biznesidagi ulushini sotishni ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgandi.

Bloomberg‘ning yozishicha, aktivlarning potensial qiymati “bir necha milliard dollar” deb baholanmoqda.

Xitoy kompaniya uchun ikkinchi yirik bozor hisoblanadi: u yerda 7700 dan ortiq qahvaxona faoliyat yuritmoqda.

Starbucks biznesga “makroiqtisodiy omillar va mahalliy raqobatchilarning kuchayib borayotgan ta’siri” haqida ma’lum qildi.

Misol uchun, 2025-yilning birinchi choragida Xitoyning Luckin Coffee kompaniyasi mamlakat bo‘yicha daromadda Starbucks’ni ortda qoldirdi.

Qayd etilishicha, raqobatchi kompaniya $1,2 mlrd daromad olgan bo‘lsa, Starbucks’da esa bu ko‘rsatkich $740 mlnni tashkil qildi.


Avvalroq Spot Starbucks AQShda 3D-printerda chop etilgan birinchi qahvaxonasini ochgani haqida yozgandi.

Qiymati $1,2 mlnlik bino maydoni 130 kvadrat metr bo’lib, olti oydan kamroq vaqt ichida qurib bitkazilgan.