O‘zbekiston Markaziy banki jadal rivojlanayotgan muddatli to‘lov bozorida qoidalar o‘rnatishni rejalashtirmoqda.

Regulyator BNPL ((Buy Now, Pay Later — hozir sotib ol, keyinroq to‘la) sektorini tartibga solish rejalari haqida birinchi marta joriy yilning yanvar oyida ma’lum qilgandi.

May oyiga kelib, Markaziy bank raisi Timur Ishmetov idora hozirda nazoratga olinmagan, ammo allaqachon “muayyan xatarlar” tug‘dirayotgan segmentlar o‘sib borayotganidan xavotirda ekanligini yana bir bor ta’kidladi. Senatning iyun oyidagi majlisida esa, Ishmetov Markaziy bank tomonidan qonunchilikda muddatli to‘lov shartnomalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kredit byurolariga taqdim etish va ular bo‘yicha ortiqcha to‘lovlarni oshkor qilish majburiyatini belgilash taklif qilinayotganini bildirdi.

BNPL va “bo‘lib to‘lash” atamalari ko‘pincha bir xil ma’noda ishlatilsa-da, aslida ular bir biridan farq qiladi. An’anaviy muddatli to‘lov foizlarni o‘z ichiga olishi va bir yilgacha davom etishi mumkin. BNPL esa odatda bank bilan shartnoma tuzmasdan ikki oy ichida to‘rtta foizsiz to‘lovni nazarda tutadi. Bunday soddalashtirish BNPLni kreditlarga nisbatan mashhur muqobilga aylantirdi, biroq, undagi majburiyatlar ham xuddi kreditlar kabi to‘planib boradi.

KPMG baholashiga ko‘ra, POS-moliyalashtirish va BNPL hajmi taxminan $450−600 mlnni tashkil etadi, biroq yillik o‘sish sur’ati 38% dan yuqori bo‘lgan taqdirda, bu ko‘rsatkich 2027-yilga kelib $2 mlrdga yetishi mumkin.

Regulyatorning asosiy xavotiri — o‘sib borayotgan qarzdorlik. Hozir har uchinchi iqtisodiy faol o‘zbekistonlik kamida bitta kreditga egadir. 2025-yil 1-yanvar holatiga muddatli to‘lov imkoniyatiga ega kredit portfeli hajmi 8,5 trln so‘mga yetdi.

Markaziy bankning ta’kidlashicha, bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartnomalari kredit byurolari bazasiga tushmaydi, bu esa qarzlarning real kartinasini buzib ko‘rsatadi. Shu bilan birga, bunday shartnomalarning atigi 7%i banklar orqali rasmiylashtiriladi — asosiy ulushni tartibga solinmaydigan savdo kompaniyalari va onlayn xizmatlar egallaydi. Bu qarz yuki bo‘yicha me’yorlarning buzilishi xavfini keltirib chiqaradi, ayniqsa banklar to‘liq kartinani ko‘rmay, o‘nlab xaridlarni muddatli to‘lovga rasmiylashtirgan mijozlarga kredit berishda davom etsa.

Regulyator hisobotiga ko‘ra, tovarlarni muddatli to‘lov sharti bilan sotib olishda haqiqiy ortiqcha to‘lov yillik 73,8% gacha yetishi mumkin — bu o‘rtacha stavka taxminan 17% ni tashkil etadigan bank mikroqarzlari yoki overdraftlarga qaraganda ancha yuqori. Qayd etilishicha, ko‘plab do‘konlar muddatli to‘lovni “foizsiz” deb reklama qiladi, biroq tovarlarning yakuniy qiymati ularning bozor narxidan sezilarli darajada oshadi.

Spot Fintex assotsiatsiyasi vakillari va BNPL bozorining asosiy o‘yinchilari bilan Markaziy bank tomonidan tartibga solish joriy etilgandan so‘ng nimalar o‘zgarishi, soha bunga qanday javob berishi va iste’molchilar nimani kutishlari mumkinligi haqida suhbatlashdi.


O‘zbekiston Fintex assotsiatsiyasi

O‘zbekiston Fintex assotsiatsiyasining BNPL, to‘lovlar va transchegaraviy o‘tkazmalar bo‘yicha ekspertlar kengashi a’zosi Otabek Aliasqarovning fikricha, tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan muddatli to‘lovlar bozorini tartibga solish vaqti allaqachon yetib kelgan, biroq bu jarayon moslashuvchan va o‘zgaruvchan sharoitlarga mos bo‘lishi muhim ahamiyatga ega.

“Markaziy bankning tashabbusi juda zarur va o‘z vaqtida bo‘ldi. Bu yillik hajmi $1 mlrdga yetayotgan va kelgusi yilda $2 mlrddan oshishi mumkin bo‘lgan segmentning jadal o‘sishi fonida mantiqiy qadamdir”, — dedi u.

Aliasqarovning so‘zlariga ko‘ra, bozor barqaror o‘sishni ko‘rsatmoqda, yillik o‘sish ko‘rsatkichi taxminan 50% ni tashkil etadi. Shu bilan birga, o‘yinchilar soni ham faol o‘sib bormoqda — ham fintex platformalari, ham muddatli to‘lov imkoniyatini taklif qiluvchi chakana savdo do‘konlari. “Iste'molchilar tomonidan talab fintex xizmatlari taqdim etadigan raqamli yechimlar tufayli qulaylik, osonlik va foydalanish imkoniyati bilan rag‘batlantiriladi”, — deya tushuntirdi u.

Yagona talablarning yo‘qligi, ekspertning fikricha, iste’molchilar uchun ham, bozorning o‘zi uchun ham xatarlarni keltirib chiqaradi.

“Moliyalashtirish bilan shug‘ullanuvchi barcha tomonlar uchun mijozlarni baholash mexanizmlarini tizimlashtirish nihoyatda muhim. Hozirgi kunda butun mamlakat bo‘ylab yuzlab do‘konlar mijozning real kredit yuklamasini baholamasdan va ma’lumotlarni kredit byurolari bilan almashmasdan muddatli to‘lovlarni amalga oshirmoqda” dedi u.

Bu holat nafaqat fintex kompaniyalar va banklar uchun skoringni murakkablashtiradi, balki Markaziy bankning aholi qarz yuklamasining to‘liq kartinasini ko‘rishiga ham to‘sqinlik qiladi.

Shu bilan birga, ortiqcha nazorat raqobatning pasayishiga, texnologik rivojlanishning sekinlashishiga va investitsiyalarning chiqib ketishiga olib kelishi mumkin.

bnpl, bo‘lib-bo‘lib to‘lash, markaziy bank, muddatli to‘lov, nasiya bozori, rassrochka

Aliasqarovning ta’kidlashicha, tartibga solish banklar va mikromoliya tashkilotlariga qo‘llaniladigan me’yorlarni takrorlamasligi kerak. “Qumdon” va alohida reglament zarur. Hozirgi muddatli to‘lov modeli endi klassik BNPL emas, balki mahalliy sharoitga moslashtirilgan islomiy “nasiya” modelidir", — deya tushuntirdi u.

O‘zbekiston Fintex assotsiatsiyasi vakilining baholashicha, hozirda bozorda quyidagilar faoliyat yuritmoqda:

  • 1 ta o‘yinchi klassik BNPL modelida — ZOOD (muddatli to‘lovning klassik modelini Yandex Uzbekistan ham taklif qiladi — Spot izohi);
  • “nasiya” modeli bo‘yicha ishlovchi 10 ga yaqin yirik bo‘lib to‘lash fintex-servislari;
  • 30 nafar o‘rta va mayda o‘yinchilar, ularning aksariyati ma’lumotlarni kredit byurolariga uzatadi;
  • 250 dan ortiq kichik chakana savdo do‘konlari, ularning bir qismi ma’lumotlar bilan bo‘lishilmaydi;
  • shuningdek, o‘z texnologik bazasida bo‘lib-bo‘lib to‘lashni taklif qiluvchi bir nechta banklar va XMIlar.

Shunday qilib, tartibga solish nafaqat ko‘lamni, balki bozordagi biznes modellarining xilma-xilligini ham hisobga olishi shart.

“Bunda “shok ta’siri"ga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi — puxta o‘ylangan, bosqichma-bosqich yondashuv zarur”, — deya xulosa chiqardi ekspert.

Alif

Alif Uzbekistan bosh direktori Nuriddin Lafizov Markaziy bankning muddatli to‘lovlar bozorini yanada shaffof va barqaror qilish istagini qo‘llab-quvvatladi, biroq BNPL modelining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olish va uni mikroqarzlar bilan bir qatorga qo‘ymaslik muhimligini ta’kidladi.

Ekspertning fikricha, regulyator hisobotidagi muddatli to‘lovlarni bank mikroqarzlari bilan taqqoslash masalasi kontekstni talab qiladi. Lafizovning baholashicha, an’anaviy banklardagi kreditlar bo‘yicha samarali foiz stavkalari “ko‘pincha yillik 24% dan 50% gacha tebranadi, qo‘shimcha komissiyalar, jarimalar va penyalarni hisobga olganda esa bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin”. Shu bilan birga, BNPL bozorida mijozlar uchun amalda bepul bo‘lgan ko‘plab muddatli to‘lov takliflari mavjud — “chunki sotuvchining o‘zi o‘z hisobidan yoki hamkori orqali o‘z tovarini muddatli to‘lovga taqdim etadi”.

Nuriddin Lafizovning ta’kidlashicha, tartibga solish allaqachon o‘z samaradorligi va talabini isbotlagan sohaning rivojlanishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Kompaniya regulyator bilan konstruktiv hamkorlikka ham umid qilmoqda.

“Ishonchimiz komilki, regulyator bilan to‘g‘ri va ochiq muloqot olib borilsa, O‘zbekistonda BNPL bozori jadal rivojlana oladi. Bu umumjahon trendidir: KPMG ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda bozor hajmi $450 mlnni tashkil etgan, bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, u 2−3 barobar o‘sishi mumkin”.

Uning fikricha, BNPL xizmatining ommaviyligi nafaqat to‘lov shartlari, balki keng qamrovliligi bilan ham bog‘liq. Kompaniyaning o‘zida tasdiqlangan arizalar ulushi 50−60% ni tashkil etadi.

bnpl, bo‘lib-bo‘lib to‘lash, markaziy bank, muddatli to‘lov, nasiya bozori, rassrochka

Shuningdek, Lafizovning ta’kidlashicha, muddatli to‘lov xizmatlari raqobatli muhitda faoliyat yuritadi — ham o‘zaro, ham banklar bilan, hamda infratuzilma, xavf-xatarlar va mijozlarni baholash jarayonini to‘liq o‘z zimmasiga oladi.

Alif’da likvidlik manbalariga alohida e’tibor qaratiladi. Banklardan farqli o‘laroq, BNPL platformalari arzon moliyalashtirish va aholi omonatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega emas. “Buning o‘rniga, likvidlik investitsiyalar orqali ta’minlanadi, ko‘pincha investor uchun yanada xatarli yoki moslashuvchan shaklda. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘lib to‘lash xarajatlariga va mijozlar uchun yakuniy shartlarga ta’sir ko‘rsatadi.

Kompaniya rahbari xulosa qilib shunday ta’kidlaydi: “BNPL — bu banklarning o‘rnini bosuvchi emas, balki iste’molchilarning yangi xatti-harakatlari va texnologik kutilmalariga mos keladigan qo‘shimcha vositadir”, —

PayWay

Fintex-ekspert, PayWay hamta’sischisi va kuzatuv kengashi a’zosi Behzod Botirovning fikricha, Markaziy bankning BNPL va muddatli to‘lovlarni tartibga solish tashabbusi allaqachon pishib yetilgan. “Tashabbus o‘z vaqtida bo‘ldi, hatto biroz kechikdi ham, deish mumkin”, — ta’kidladi u.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil boshida muddatli to‘lov bilan bog‘liq kredit portfeli hajmi 8,5 trln so‘mga yetgan va uning uchdan ikki qismi nobank tuzilmalar — bank va mikromoliya tashkilotlari bo‘lmagan tadbirkorlarga to‘g‘ri keladi.

“Ular ko‘pincha o‘zlarining xatarlarini baholamaydilar va potensial mijozlari yaqinda boshqa provayderlarga murojaat qilgan-qilmaganini hisobga olmaydilar. Natijada, iste’molchilar turli sotuvchilardan texnikani bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olishlari va eski kreditlarni yopish uchun ularni qayta sotishlari mumkin. Bu hamma uchun ayanchli tugaydi”, — deydi u.

Botirov bozorning shaffof emasligi sababli kreditlarning qaytarilmaslik holatlari ko‘payishini asosiy xatar sifatida ko‘rsatmoqda. Sektor yetakchilari kredit byurolariga ulangan va mijozlar haqidagi ma’lumotlarni almashayotgan bo‘lsa-da, barcha ishtirokchilar skoring jarayonida bu ma’lumotlardan foydalanmaydi. “Ko‘plab kichikroq operatorlar esa umuman ma’lumot almashishmaydi” — dedi u.

Alohida muammo sifatida insofsiz raqobat ko‘zga tashlanadi: “Ba'zi provayderlar o‘z xizmatlarini targ‘ib qilish uchun do‘konlarni o‘zlariga og‘dirib olishlari mumkin. Oqibatda qarz oluvchi eng qulay shartlarga ega bo‘lish imkonini yo‘qotadi”.

Botirovning fikricha, tartibga solish bu muammolarni hal qilishi mumkin — agar operatorlar shartnomalar va marketing materiallarida stavkalar, ortiqcha to‘lovlar, komissiyalar va barcha tegishli shartlarni ochiq ko‘rsatishni boshlasalar. U ustav kapitali va menejment malakasi bo‘yicha mumkin bo‘lgan talablarni bozor uchun eng sezgir choralar deb hisoblaydi. O‘zbekistonda bunday yondashuv allaqachon qo‘llanilgan: 2023-yilning aprel oyida prezident banklar ustav kapitalining eng kam miqdorini bosqichma-bosqich oshirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. O‘sha yilning sentabridan bu 200 mlrd so‘mni, 2025-yildan esa 500 mlrd so‘mni tashkil etishi belgilangan.

“Agar minimal limit juda yuqori bo‘lsa, BNPL operatorlari ishni davom ettirish uchun kerakli summani to‘play olmaydi”, — deya ogohlantiradi ekspert.

Shuningdek, mahalliy IT-tizimlarga o‘tish, kiberxavfsizlikni ta’minlash va shaxsiy ma’lumotlar bo‘yicha qonunchilikka rioya qilish ham qiyin bo‘lishi mumkin bo‘lgan talablar qatoriga kiradi. “Agar Markaziy bank ularni bunga majburlasa, boshqa tizimlarga tezda ko‘chib o‘tishlari qiyin bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Ekspertning fikricha, xarajatlarning oshishi mijozlarga ham ta’sir qilishi mumkin. Shartlarning shaffofligi esa iste’molchilarga xizmatlarni tanlashga ongliroq yondashish imkonini beradi.

bnpl, bo‘lib-bo‘lib to‘lash, markaziy bank, muddatli to‘lov, nasiya bozori, rassrochka

Ekspertning fikricha, shartlarning shaffofligi iste’molchilarga xizmatlarni tanlashga yanada ongli yondashish imkonini beradi.

“Taxminimcha, aksariyat kichik korxonalar o‘z qarzlarini yirikroq o‘yinchilarga qayta sotishga harakat qiladi. Biz yangi sohani ko‘ramiz — majburiyatlarni birinchi navbatda mikromoliyaviy tashkilotlarga sotish”, — deydi tadbirkor.

Shu bilan birga, Botirovning fikricha, sanoat yetakchilari “qo‘shimcha ko‘tarilish"ga ega bo‘ladilar, ammo bunday bitimlarning tuzilishi va qarz oluvchilarni xabardor qilish tartibini o‘ylab ko‘rish kerak.

Ekspert bozorni tartibga solishga, ayniqsa skoring va byuro bilan integratsiyaga texnik jihatdan tayyor deb atadi, ammo u o‘tish oson bo‘lmasligini kutmoqda: “Ko‘p tushunmovchiliklar bo‘ladi. Operatorlar IT-tizimlarni o‘zgartirishi, biznes-jarayonlarni qayta ko‘rib chiqishi kerak va bularning barchasi xodimlar uchun ortiqcha xarajat va yukdir”.

“Agar juda qattiq talablar qo‘yilsa — bozorni „bo‘g‘ib qo‘yish“ xavfi bor. Muhimi, ular operatorlar ichidagi jarayonlarga juda kuchli ta’sir ko‘rsatmasligi kerak, aks holda bu tartibsizlikka va eng yomon holatda sanoatning yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi”, — deya xulosa qildi Botirov.